Jahon | 23:58 / 05.04.2021
13708
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh davlat departamenti Moskvadan Rossiya qo‘shinlarining Ukraina chegarasi yaqinidagi harakati yuzasidan izoh so‘radi

Ukraina bosh shtabi boshlig‘i Ruslan Xomchakning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiy mashqlar niqobi ostida Ukraina chegarasi yaqinida qo‘shin to‘plamoqda.

Foto: Reuters

Vashington Rossiya qo‘shinlarining Ukraina chegarasi yaqinidagi harakati yuzasidan Moskvaga izoh so‘rab murojaat qildi, dedi AQSh davlat departamenti vakili Ned Prays.

 "Biz NATO bo‘yicha ittifoqchilarimiz bilan keskinlik kuchayishi va o‘t ochishni to‘xtatish rejimining buzilishidan xavotirlarimizni muhokama qildik hamda Rossiyaga izoh berishini so‘rab murojaat qildik", - dedi Prays.

 U Rossiya qo‘shinlarining Ukraina chegaralariga joylashtirilishi Kiyevni qo‘rqitishga urinish bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi savolga javob bermadi.

"Rossiyani nima harakatga keltirayotgani haqida gapirish mening ishim emas, mening ishim bu haqda AQSh ma'muriyati nima deb o‘ylayotgani to‘g‘risida gapirish. Biz Ukraina sharqida Rossiya agressiyasining kuchayishidan tashvishdamiz, bu Rossiya qo‘shinlarining Ukraina chegaralari yaqinida va bosib olingan Qrimda harakatlanishiga ham taalluqli", - dedi Prays.

 Avvalroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya o‘z chegaralari xavfsizligini ta'minlash uchun zarur choralarni ko‘rayotganini aytgandi.

 «Rossiya chegaralari atrofida NATO, boshqa birlashmalar, ayrim mamlakatlar va boshqalarning qurolli kuchlari faolligi kuzatilayotganini bilasiz. Bularning barchasi hushyor turishni talab qiladi», – degandi u.

Ukraina bosh shtabi boshlig‘i Ruslan Xomchakning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiy mashqlar niqobi ostida Ukraina chegarasidagi Bryansk va Voronejga, shuningdek, Qrimga harbiy yuklar yetkazib bergan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid