O‘zbekiston | 18:40 / 05.04.2021
3270
4 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda “Zarchob-1” kichik GES ishga tushirildi: 240 ming aholining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati bugungi kunda xalqimiz uchun eng muhim masalalardan biri ­– elektr energiyasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish, barqaror va uzluksiz elektr energiyasini ishlab chiqarishni maqsad qilgan. Bu borada, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga e'tibor qaratish, xususan, gidroenergetika sohasida yangi GESlarni ishga tushirish, mavjudlarini izchil modernizatsiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar boshlandi.

 

O‘tgan 2020 yilda, murakkab pandemiya davrida ham “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan 6 ta yangi qurilish va modernizatsiya loyihalari foydalanishga topshirildi. Mazkur loyihalarning umumiy quvvati 118,3 MVtni tashkil etadi. Bu esa, qo‘shimcha 543 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga zamin yaratmoqda.

Shu o‘rinda, istiqbolli loyihalardan biri bo‘lmish Sariosiyo tumanida yangidan barpo etilgan “Zarchob-1” kichik GES faoliyatini alohida e'tirof etish mumkin. Uning qurilishi “O‘zbekgidroenergo” AJning tizim tashkiloti hisoblangan “Gidroproyekt” AJ tomonidan loyihalashtirilgan. GESga 2 ta gidroagregat o‘rnatish belgilangan bo‘lib, ularning umumiy quvvati 37,4 MVtni tashkil etadi.

“Zarchob-1” kichik GESda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, sozlash va sinovdan o‘tkazish ishlari, avtomatik tizim boshqaruvini markazlashgan boshqarmadan boshqarish ishlari amalga oshirildi.

3 aprel kuni “Zarchob-1” kichik GES ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov, Surxondaryo viloyati faollari va jamoatchilik qatnashdi.

Tadbirda jamiyat boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov so‘zga chiqdi.

Ushbu obektda qurilish ishlari 2017 yilning avgust oyida boshlangan edi. GES uchun zaruriy texnologik qurilmalar Xitoyning yetakchi kompaniyasi “Dongfang Electric International Corporation” tomonidan yetkazib berildi. Yangi GES uchun zaruriy asbob-uskunalar hamda gidroagregatlar xitoylik va mahalliy mutaxassislar tomonidan birgalikda montaj qilindi. Ushbu ishlarni bajarishda sohada yetarli tajriba va nufuzga ega bo‘lgan “TURONELEKTROMONTAJ” AJ, “NP ESAN” MChJ, “AGEM” MChJ singari montaj-naladka yo‘nalishidagi korxonalar bilan bir qatorda, “To‘polang GES” UKning Zarchob 1-KGES bo‘limiga 2020 yilning boshida ishga qabul qilingan yosh mutaxassislar jalb qilindi.

Mazkur loyihaning ishga tushirilishi natijasida Surxondaryo viloyatining elektr energiyaga bo‘lgan talabining muayyan qismi – 230-240 ming aholini gidroenergiya hisobidan ta'minlash imkoniyati yuzaga keladi.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida “Zarchob-2” kichik GESini ham topshirish ko‘zda tutilmoqda. Hozirgi kunda “Zarchob-3” kichik GESning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda.

Kun.uz muxbiri Xusrav Bahromov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid