11:30 / 06.04.2021
11385

38 yoshli o‘qituvchi ayol Kosovo prezidenti etib saylandi 

Foto: euronews.com

Qisman tan olingan Kosovo Respublikasi parlamenti 38 yoshli Vosa Osmanini mamlakatning yangi prezidenti etib sayladi. Osmani ushbu lavozimni egallagan ikkinchi ayol bo‘ldi. 

Euronews’ning xabar berishicha, o‘qituvchi, siyosatchi va huquqshunos Osmani nomzodini parlamentning 120 a'zosidan 71 nafari qo‘llab-quvvatlagan. Ikkita muxolif partiya va etnik serblar manfaatlarini bildiruvchi partiya ovoz berishni boykot qilgan. Prezidentni uchinchi urinishda saylashga muvaffaq bo‘lingan.  

Kosovoning birinchi ayol prezidenti Atifete Yaxyaga bo‘lgan va u mamlakatni 2011 yildan 2016 yilgacha boshqargan. 

Ta'kidlab o‘tish joiz, Osmani Kosovoning sobiq yetakchisi Hoshim Tachi 1990-yillar oxirida Kosovodagi qurolli ixtilof vaqtida sodir etilgan harbiy jinoyatlarda ayblanib, Haaga sudiga chaqirilgandan keyin davlat rahbari vazifasini bajarib kelayotgandi. Tachi ushbu ayblovlar sababli 2020 yil noyabrda iste'foga chiqqandi.  

Osmani barcha uchun prezident bo‘lishga va huquqiy davlatni mustahkamlashga va'da bergan. 

“Bugun Kosovo prezident etib ayol kishini sayladi. Hozir bizni kuzatayotgan qizlar, umid qilamanki, mening so‘zlarimni eslab qolasiz. Har bir qizda hayotida biror muhim o‘rinni egallash orzusi bo‘ladi. Ular bu haqida tunlari bilan o‘ylab chiqadilar va buning uchun ko‘p va astoydil mehnat qiladilar”, deb aytgan Osmani parlamentdagi nutqida.

Vosa Osmani 2005 yilda AQShning Pitsburg universitetida huquqshunos magistri darajasini olgan. 2015 yilda doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, huquq fani doktori ilmiy darajasini olgan. 

Osmani Kosovodagi Prishtina universiteti va Rochester texnologik institutida dars bergan. Xalqaro va savdo huquqi sohalarida ko‘plab maqolalar va monografiyalar muallifi hisoblanadi. Alban tilidan tashqari, ingliz, ispan, turk va serb tillarida erkin so‘zlasha oladi. Oilali, 2 qiz farzandi bor. 

Kosovo 2008 yilda bir tomonlama tartibda Serbiyadan mustaqilligini e'lon qilgan. Biroq rasmiy Belgrad hanuzgacha Kosovoni o‘zining hududlaridan biri deb hisoblaydi. Bir qator davlatlar Kosovoning mustaqilligini tan olmagan. 

Mavzuga oid
Top