Yangi sovuq urush bo‘lmaydi. AQSh-Xitoy raqobati chegaralari
Xitoyning global ishlab chiqarish zanjiridagi hayotiy mavqeyi va avtoritarizm va liberal demokratiya o‘rtasida mafkuraviy ustunlik uchun kurashning yo‘qligi ayni paytda sovuq urush boshlanish ehtimolini kamaytiradi.
So‘nggi bir necha o‘n yillik davomida xitoylik olimlar, mutaxassislar va diplomatlar Qo‘shma Shtatlarni Xitoyga nisbatan «sovuq urush mentaliteti»da ekanlikda ayblamoqda. To‘g‘ri, sovuq urushdan keyingi davrda Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Osiyo-Tinch okeanida Xitoy bilan harbiy sohada strategik raqobat olib borishdi.
Shu paytgacha AQSh Xitoyning ko‘plab suverenitet nizolarini Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizida va Tayvan bo‘g‘ozi bo‘ylab kuch ishlatish yo‘li bilan hal qilishdan muvaffaqiyatli to‘xtatdi. AQSh va uning eng yaqin ittifoqchilari qurol sotishni taqiqlagani va ma'lum harbiy texnologiyalarning Xitoyga o‘tkazilishini cheklashga urinib ko‘rgani ham haqiqat.
XX asrning 50—60 yillaridagi AQShning covetlar ittifoqi bilan munosabatlari harbiy sohadagi raqobatdan tashqari to‘laligicha iqtisodiy tomonlarni ham qamrab olgan edi. Bu davrda AQShning strategiyasi sovet ittifoqining boshqa mamlakatlar bilan aloqalarni cheklash orqali iqtisodiyotini nogiron holatga keltirib, chet eldagi diplomatiyasini puchga chiqarishga qaratilgan edi.
Ammo Qo‘shma Shtatlarning Xitoy bilan munosabatlari sovuq urush davridagi SSSR bilan aloqalaridan ancha farq qiladi. 1978 yilda Xitoyni isloh qilish davri boshlanganidan buyon Xitoy xalqining o‘zidan boshqa biror davlat Xitoyning keng iqtisodiy rivojlanishiga yordam berish uchun Qo‘shma Shtatlardan ko‘ra ko‘proq ish qilgani yo‘q. Xitoy eksporti uchun AQShning ochiq bozorlari, Xitoy sanoatiga katta miqdordagi sarmoyalari va Amerika universitetlarida o‘qiyotgan yuz minglab xitoylik talabalar Xitoyning tez sur'atlar bilan o‘sishi va texnologik yangilanishi uchun juda zarur edi. Shuningdek, Xitoydan xalqaro diplomatiyada faolroq rol o‘ynashni yoki AQSh davlat kotibining sobiq muovini Robert Zellik aytganidek, xalqaro sahnada «mas'ul manfaatdor» sifatida ishtirokini kengaytirishni aynan AQSh qo‘llab-quvvatladi.
Ikki davlat munosabatlarining keskinlashuvi Donald Tramp prezidentlikka kelgandan keyin kuchayib ketdi. Bu davrda ko‘pchilik tahlilchilar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni «Yangi sovuq urush» sifatida ta'kidlay boshladi. Bunga yetarlicha asoslar ham bor edi. Ular dalil sifatida nafaqat Hind-Tinch okeanida tobora kuchayib borayotgan harbiy raqobat, ikki davlat o‘rtasidagi savdo urushi va o‘zaro joriy qilina boshlangan iqtisodiy sanksiyalarni asos qilib ko‘rsatishdi. Shuningdek, AQSh 2017 yil dekabrida Xitoy va Rossiyani dushman sifatida birlashtirgan Milliy xavfsizlik strategiyasini qabul qildi. Pandemiya boshlangan davrgacha o‘zaro munosabatlar esa tobora taranglashib bordi. SOVID-19 ikki tomonlama munosabatlarga deyarli yordam bermadi. Umumiy muammoni hal qilishda hamkorlik qilish o‘rniga, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Xitoy pandemiya uchun kim aybdor va qaysi siyosiy tizim bunga javob berishga qodirroq bo‘lgani to‘g‘risida kurash olib borishdi.
2020 yil ikkinchi yarmida Tramp ma'muriyati turli chiqishlarda, hukumat hujjatlarida, maqolalarda va tvitlarda asosan Xitoyga qarshi «sovuq urush» e'lon qildi. Tramp Xitoyning xatti-harakatlari mavjud liberal xalqaro tartibni ag‘darish va uning o‘rnini Xitoy gegemonligi bilan almashtirishga qaratilganini ta'kidladi. 1950—1960 yillardagi AQSh-sovet ittifoqi munosabatlari ko‘plab mamlakatlarni o‘z ichiga olgan murakkab munosabatlar to‘plami edi. Hech bir kuch, qanchalik qudratli bo‘lmasin, o‘z-o‘zidan sovuq urush yaratolmaydi.
Sovuq urushga sabab bo‘luvchi muhim omillar mavjud emas
AQSh-Xitoy strategik raqobatida Qo‘shma Shtatlarning sovet ittifoqi va uning ittifoqchilari bilan bo‘lgan sovuq urushining uchta muhim va o‘zaro bog‘liq elementlari yo‘q: AQSh va Xitoy uchinchi tomonni o‘ziga jalb qilishga qaratilgan global mafkura uchun kurash olib bormayapti; bugungi kunda juda globallashgan dunyo keskin ajratilgan iqtisodiy bloklarga bo‘linmaydi va ularni osonlikcha ajratib bo‘lmaydi; Qo‘shma Shtatlar va Xitoy XX asr o‘rtalarida Koreya va Vetnamda qonli urushlar olib borgan, Berlin va Kuba kabi hududlarda yadro inqirozini keltirib chiqargan qarama-qarshi ittifoq tizimlarini boshqarmayapti.
Bugungi kunda jahon siyosatidagi vaziyat AQSh uchun o‘ziga xos va murakkab. AQShning ko‘plab ittifoqchilari va savdo sheriklari Xitoyga qarshi harakatlarni qo‘llab-quvvatlasa-da, Xitoyni o‘z rejimlarining hayoti uchun mavjud bo‘lgan tahdid deb hisoblamaydilar. Agar prezident Jo Bayden Tramp ma'muriyatining Xitoyga nisbatan sovuq urush holatiga o‘xshash pozitsiyasini saqlab qoladigan bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar o‘zini zaiflashtirishi mumkin. AQSh 60dan ortiq davlatlar bilan ittifoq va xavfsizlik bo‘yicha kelishuvlarga ega va ularning aksariyati dunyodagi eng texnologik davlatlar hisoblanadi va AQShga bog‘lanib qolmagan. Buni Xitoyning ittifoqchilar galereyasi bilan taqqoslang: Shimoliy Koreya, Eron, Pokiston, Sudan, Zimbabve va boshqalar.
Sovuq urush va zamonaviy AQSh-Xitoy strategik raqobati o‘rtasidagi haqiqiy farq Xitoy sovet ittifoqining 1950 va 1960-yillarda erishgan imkoniyatlariga nisbatan cheklangan global kuchga ega. Ammo oxirgi 10 yillikda Xitoy hamma tomondan yuksalishga erishdi va ayni paytda AQShning Osiyodagi har qanday ittifoqchisiga qaraganda ancha kuchli.
Xitoy va Yaponiya, Tayvan va Janubi-Sharqiy Osiyoning bir qator davlatlari (shu jumladan, AQShning yaqin ittifoqchisi Filippin) o‘rtasidagi dengiz mojarolari AQSh va Xitoyni to‘g‘ridan to‘g‘ri ziddiyatga jalb qilishning eng katta xavfini tug‘diradi. Ammo Qo‘shma Shtatlar dengiz hududini osongina egallab olishi va nazoratida saqlab turishi mumkin emas. Bundan tashqari, Tayvandan boshqa, Xitoy yaqinidagi bahsli orollar bosqinchilik uchun jozibali maqsad emas.
Yuqoridagi omillardan tashqari yana uch omil zamonaviy AQSh-Xitoy strategik raqobatini sovuq urush davridagi juda xatarli vaziyatdan farqlaydi. Agar Qo‘shma Shtatlar va Xitoy bir-biriga qarama-qarshi va iqtisodiy jihatdan birlashgan ittifoq bloklariga ajralgan bo‘lganda o‘zaro raqobat dengizdan quruqlik mintaqalarga o‘tib ketgan bo‘lardi va xavf darajasi oshib ketardi. Shuningdek, Xitoy dunyoning olis mintaqalarida AQShga qarshi chiqish uchun o‘z harbiy qudratini loyihalashga qodir bo‘lmasa ham, AQShning ittifoqchilari va sheriklariga nisbatan g‘oyaviy tashviqotlarini kuchaytirardi. Xitoy o‘z mafkurasini butun dunyoga yoyishga harakat qilayotgani yoki uning boshqa mamlakatlar bilan munosabatlari mafkuraviy asoslangani haqida dalillar kam.
Ba'zi kuzatuvchilar XXR raisi Si Tszinpinning 2017 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan 19-partiya s'yezdidagi bayonotida fikrlarini keltirishadi.
«Xitoyning o‘ziga xos xususiyatlariga ega bo‘lgan sotsializm yo‘li, nazariyasi, tizimi va madaniyati rivojlanib bormoqda va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarning modernizatsiyasiga erishish yo‘lidagi yangi izni yaratmoqda. Bu o‘z mustaqilligini saqlab qolish bilan o‘z taraqqiyotini tezlashtirmoqchi bo‘lgan boshqa mamlakatlar va davlatlar uchun yangi variantni taklif etadi», — degan u.
Boshqa tomondan uning bayonoti «Xitoy modeli»ni chet elga eksport qilishga chaqirgandan ko‘ra ko‘proq Xitoy Kommunistik partiyasining (XKP) boshqaruv shakli va iqtisodiy siyosatini oqlashga qaratilgan.
Pekin hukumati mamlakat ichida avtoritar va ko‘pincha qo‘rqinchli ravishda repressiv bo‘lsa-da ( Shinjondagi ommaviy lagerlar, Tibetdagi siyosiy nizolar, inson huquqlari himoyachilariga qarshi repressiyalar) Rossiyadan farqli o‘laroq, Sharqiy Yevropada va undan tashqarida demokratiya yoki boshqa tuzumlarni buzishga urinayotgani yo‘q. Xitoy boshqa mamlakatlarning ichki tuzilmalariga nisbatan agnostik munosabat bildiradi. Buning o‘rniga, Pekin boshqa mamlakatlarning Xitoy suverenitetiga oid nizolar va Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlikka bo‘lgan munosabatlari haqida ko‘proq tashvishlanadi.
Rossiyada bo‘lgan sobiq xitoylik diplomat Shi Ze Moskva va Pekin o‘rtasidagi farqni quyidagicha izohlagan: «Xitoy va Rossiyaning munosabatlari turlicha. Rossiya amaldagi xalqaro tartibni buzmoqchi. Rossiya o‘z iqtisodiyoti va jamiyati rivojlanmaganini xalqaro tizimning qurboni deb biladi. Ammo Xitoy amaldagi xalqaro tizimdan foyda ko‘radi. Biz uni buzish uchun emas, balki takomillashtirishni va o‘zgartirishni xohlaymiz».
Stenford universiteti tahlilchilarining fikriga ko‘ra, Pekinning maqsadlari asosan Xitoyning avtoritar modelini chet elga eksport qilishdan ko‘ra, Kommunistik partiya boshqaruvini tashqi tanqid va tahdiddan himoya qilishga qaratilgan.
O‘z maqsadlariga yakun yasash
Baydenning Xitoyga bo‘lgan yondashuvi AQShning ittifoqchilari va sheriklari bilan buzilgan munosabatlarni tiklashni taqozo etadi, ammo ittifoqchilar va sheriklarga AQSh va Xitoy o‘rtasida tanlov qilish uchun bosim o‘tkazishga urinish xato bo‘ladi.
Xitoylik mutaxassislar Pekin Hind-Tinch okeanida sovuq urush ittifoqi shakllanishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligiga ishonishadi. Ularning ta'kidlashicha, Amerika Qo‘shma Shtatlari emas, balki Xitoy, AQShning Osiyo-Tinch okeanidagi eng muhim ittifoqchilari, shu jumladan, Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliya uchun eng katta iqtisodiy sherikdir.
Janubiy Xitoy dengizidagi suverenitet nizolari bo‘yicha ziddiyatlarga qaramay, Janubi-Sharqiy Osiyo xalqlari assotsiatsiyasiga (ASEAN) a'zo bo‘lgan o‘nta davlat ham iqtisodiy jihatdan Xitoyga bog‘liq. Xitoylik tahlilchilar ushbu shtatlar AQSh boshchiligidagi Xitoyga qarshi koalitsiya uchun kambag‘al nomzodlar ekaniga urg‘u berishadi. Shuningdek, mutaxassislar Yaponiya va Janubiy Koreyaning bir-biriga nisbatan ichki ziddiyatda ekanini ta'kidlashadi. Ushbu keskinlikni Sharqiy Osiyodagi yapon imperializmining achchiq tarixi bilan bog‘lashadi.
Nimaga ahamiyat berish kerak?
Xitoyning global ishlab chiqarish zanjiridagi hayotiy mavqeyi va avtoritarizm va liberal demokratiya o‘rtasida mafkuraviy ustunlik uchun kurashning yo‘qligi ayni paytda sovuq urush boshlanishi ehtimolini kamaytiradi. Yangi sovuq urush boshlanishi uchun ikkita omil o‘zgarishi kerak. Agar Xitoy avtoritarizmni kuchaytirish va butun dunyodagi demokratik davlatlarga putur yetkazish bo‘yicha ongli kampaniyani boshlasa, u holda AQSh va Xitoy ittifoqchilari tezda bir-biriga qarshi kurashishni boshlashadi. Agar Pekin global ishlab chiqarish zanjirining bir qismini chet ellik ishlab chiqaruvchilarga emas, balki o‘z ittifoqchilari bilan almashtirsa va global bozorlarga kamroq ishonadigan bo‘lsa, unda Xitoy mafkuraviy kurash xarajatlarini qabul qilishga tayyor bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
19:13 / 21.11.2024
Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
09:02 / 20.11.2024