AQSh prezidenti Donald Tramp 30 oktyabr kuni Xitoy rahbari Si Jinping bilan Janubiy Koreyadagi harbiy aerodromda uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda ikki eng yirik iqtisodiyot o‘rtasidagi savdo keskinligini yumshatish masalasida tomonlar optimistik kayfiyatda ko‘rindi.

Janubiy port shahri Busanda o‘tgan bu uchrashuv — Tramp va Si o‘rtasidagi 2019 yildan beri ilk yuzma-yuz muloqot bo‘lib, Trampning Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘ylab safarining yakuniy nuqtasiga aylandi.

«Bizda juda muvaffaqiyatli uchrashuv bo‘ladi, bunga shubham yo‘q. Ammo u juda qattiq muzokarachidir», — deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda Reuters. Si esa Tramp payshanba kuni bitim imzolanishi mumkinligini aytganda, sezilarli hissiyot bildirmadi.

Delegatsiyalar bilan muzokaralar boshida Si tarjimon orqali «dunyoning ikki yetakchi iqtisodiyoti o‘rtasida vaqti-vaqti bilan nizo chiqishi tabiiy hol» ekanini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kun avval ikki davlatning savdo bo‘yicha muzokarachilari «asosiy masalalarda o‘zaro muhim kelishuvga» erishgan. «Men prezident Tramp bilan Xitoy–AQSh munosabatlari uchun mustahkam poydevor yaratish ustida ishlashni davom ettirishga tayyorman», — dedi Si.

Osiyo–Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti doirasida o‘tgan uchrashuv qariyb ikki soat davom etdi. Tramp Si bilan yana bir bor qo‘l siqishib, uni mashinasigacha kuzatib qo‘ydi. Uchrashuv tafsilotlari hali e’lon qilinmadi.

Xitoy fond bozorlari so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori darajaga, yuan esa dollarga nisbatan bir yillik maksimumga ko‘tarildi — bu investorlarning savdo tarangligini yumshatish borasidagi umidlari bilan izohlanmoqda. Shuningdek, so‘nggi kunlarda jahon fond bozorlari — Uoll-stritdan Tokiogacha rekord darajalarga chiqdi.

Tramp avvalroq Si bilan kelishuvga erishish istiqboli haqida bir necha bor optimistik fikr bildirgandi. Biroq ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va geosiyosiy raqobat kuchayib bormoqda, har qanday savdo sulhining qancha davom etishi borasida hali ko‘p savollar mavjud.