Jahon | 18:46 / 08.04.2021
10707
3 daqiqa o‘qiladi

Bir yilda qariyb 6 mlrd dollar pulini xayriya ishlariga sarflagan Makkenzi Skottning boyligi avvalgidan ham ko‘paydi

2019 yili Makkenzi Skott «Ehson qasami» tashabbusiga qo‘shilgan va boyligining yarmidan ko‘pini xayriya uchun sarflashga va'da bergandi. Ammo bu va'dani bajarish oson bo‘lmayapti: Skott xayriya uchun qanchalik ko‘p pul sarflagani sari uning boyligi shunchalik ko‘paymoqda.

Foto: Getty Images

Makkenzi Skott «Forbes» jurnalining eng boy odamlar reytingiga birinchi marta o‘tgan yili kirgandi. 2019 yil o‘rtalarida Jyeff Bezos bilan ajrashganidan so‘ng unga o‘tgan Amazon aksiyalaridan iborat aktivlar miqdori 36 mlrd dollar deb baholangandi. O‘shanda u umumiy reytingda 22-o‘rinni, dunyoning eng boy ayollari reytingida 4-o‘rinni egallagandi.

2021 yilgi reytingda 50 yoshli Skott hamon 22-o‘rinda turibdi, ammo endilikda uning boyligi 53 mlrd dollar deb baholanmoqda. Amazon aksiyalari narxi o‘sishi ortidan Skottning boyligi bir yil ichida qariyb 50 foizga ko‘paydi.

Skott xayriya ishlari bilan faol shug‘ullanadi va xayriya uchun pul ajratish borasida rekord qo‘ymoqda. U 2020 yil davomida turli notijorat tashkilotlarga 5,8 mlrd dollar mablag‘ini xayriya sifatida o‘tkazdi.

U Jyeff Bezos bilan ajrashganidan so‘ng 2019 yil mayida «Ehson qasami» tashabbusiga qo‘shildi va boyligining yarmidan ko‘pini xayriya uchun sarflashga va'da berdi.

Skott AQSh va Puerto-Rikodagi 500ta tashkilotga mablag‘ o‘tkazgan. Ular orasida o‘quv muassasalaridan tortib Feeding America oziq-ovqat xayriya fondigacha bor.

«Pandemiya shundoq ham zo‘rg‘a kun kechirayotgan amerikaliklarning hayotini butunlay izdan chiqarib yubordi», — deb yozdi Skott 2020 yil dekabrda Medium platformasida va to‘rt oy davomida 384ta notijorat tashkilotiga qariyb 4,2 mlrd dollar o‘tkazgani haqida so‘zlab berdi.

«Ayollar, etnik ozchilik vakillari va qashshoqlikda yashayotgan odamlar iqtisodiy retsessiyadan ham, pandemiyadan ham jabr ko‘rdi. Shu bilan birga, pandemiya davrida milliarderlar faqat yanada boyidi», — deb qo‘shimcha qildi u.

U shuningdek, 2020 yil iyulda yirik miqdorda xayriya qilganidan so‘ng maslahatchilaridan pandemiya davrida qiyinchilikka duch kelgan odamlarga yordam berish uchun mablag‘ ajratish jarayonini tezlashtirishni so‘raganini aytdi. Skottning so‘zlariga ko‘ra, u «oziq-ovqat yetishmaydigan, irqiy tengsizlik va qashshoqlik darajasi yuqori bo‘lgan hamda saxovatpeshalar mablag‘lari yetib bormaydigan hududlardagi notijorat tashkilotlariga alohida e'tibor qaratadi».

Mavzuga oid