O‘zbekiston | 12:20 / 14.04.2021
4283
2 daqiqa o‘qiladi

MSK prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturini tasdiqladi

2021 yilning 14 aprel kuni Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev olib bordi.

Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda O‘zbekiston prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi va MSKning prezident sayloviga oid qator nizomlari loyihalari muhokama qilindi.

Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga binoan endi prezident saylovi, Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari saylovi ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligi birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.

Majlisda prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi muhokama qilindi va tasdiqlandi.

Dasturda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilk bor Saylov kodeksi asosida o‘tajak prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshiriladigan ishlar o‘z ifodasini topgan. 

Asosiy tadbirlar dasturida saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, ushbu jarayonda axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish, saylovga tayyorgarlik jarayonini koronavirus pandemiyasi sharoitini hisobga olgan holda o‘tkazish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Markaziy saylov komissiyasi majlisida prezident saylovini o‘tkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyati tartibini belgilab beruvchi hamda prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzolar to‘plash va imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshirish tartibi, O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlar saylovoldi tashviqotini olib borish tartibiga doir nizomlar qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid