21:11 / 15.04.2021
19445

Eron-Isroil ziddiyati: «soyalar urushi» qaysi jabhalarda davom etmoqda?

Yaqin Sharqning ikki dushman davlati – Isroil va Eron o‘rtasidagi nomi hali qo‘yilmagan urush yanada qiziydigan ko‘rinmoqda.

Foto: Reuters

Eron yakshanba kuni yer ostidagi Natanz uranni boyitish inshootidagi sirli portlashda Isroilni aybladi.

Eron «buzg‘unchilik harakati» deb ta'riflagan ushbu portlashni Isroil rasman o‘z zimmasiga olmadi, ammo AQSh va Isroil ommaviy axborot vositalarida bu – Isroil razvedka agentligi «Mossad»ning ishi ekani haqida rasmiylarning bayonoti e'lon qilindi. Eron esa «o‘zi tanlagan vaqt»da qasos olishini aytdi.

Bu alohida hodisa emas. Bu – «qonga qon, jonga jon» qabilida asta-sekin o‘sib borayotgan dushmanlik natijasidir. Boshqa tomondan, ushbu davlatlar shu paytgacha har ikki tomonga katta zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday urushdan qochishga urinib keladi. 

Xo‘sh, hozir qanday xavflar mavjud, voqealar rivoji qay tomonga qarab siljimoqda?

Uchta jabhada «soyalar urushi» ketayotganini ko‘rish mumkin.

Eronning yadro dasturi

Eronning yadro dasturi tinchlikparvar ekaniga Isroil ishonmaydi. Aksincha, u Eron maxfiy ravishda yadro qurollari ishlab chiqarish bo‘yicha ish olib borayotgani va uni ballistik raketalarga aylantirishiga bo‘lgan ishonchini ta'kidlab keladi.

«Yaqin Sharqda Eronning fanatik rejimidan ko‘ra jiddiy, xavfli va favqulodda tahdid yo‘q», dedi AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan uchrashuvdan so‘ng Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu.

«Eron hech qachon yadro qurolini ishlab chiqarishdan voz kechmadi. Eronning yadro quroli – butun dunyoga tahdiddir», deydi Isroilning Londondagi elchisi Tsipi Xotoveli BBC’ga bergan bayonotida.

Ushbu yondashuvga muvofiq, Isroil anchadan buyon Eron yadro dasturini to‘xtatish uchun yashirin, bir tomonlama harakatlarni amalga oshirib kelmoqda.

Mazkur harakatlar qatorida Eron obektlarini 2010 yilda kashf etilgan Stuxnet nomli kompyuter virusi bilan yaroqsiz holga keltirish ham bor. 2000-yillarning boshidan e'tiboran Eronning yetakchi yadroshunos olimlari sirli ravishda o‘lim topishi ham hanuz xotiralarda. O‘tgan yilning noyabr oyida yadro dasturi me'morlaridan biri bo‘lgan Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishi ham bunga misol bo‘la oladi.

Faxrizoda Eron yadro mutaxassislarining yetakchi vakili bo‘lish bilan bir qatorda Eron islom inqilobi muhofizlari korpusining yuqori darajadagi qo‘mondonlaridan biri ham edi. Shuningdek, u Eron yadro dasturining «harbiy» tomonini yurituvchi shaxs sifatida e'tirof etilardi.

Ushbu dastur hozirda potensial jihatdan xavfli bosqichga o‘tdi.

2015 yilda Eron ko‘p millatli yadroviy bitimni imzoladi, ammo 2018 yilda o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z mamlakatini ushbu shartnomadan chiqarib oldi va Eronga qarshi sanksiyalar qo‘llay boshladi. Eron esa bunga javoban ruxsat etilgan me'yordan ko‘ra ko‘proq uranni boyitishga kirishdi.

AQShning yangi prezidenti Jo Bayden ushbu shartnomaga o‘z mamlakatini qayta kiritmoqchi, ammo u Erondan belgilangan cheklovlarga to‘liq rioya qilishni talab etmoqda. Eron esa «Yo‘q, biz sizga ishonmaymiz, birinchi qadamni siz tashlang. Agar sanksiyalar bekor qilinsa, biz ham butunlay rioya qilamiz», demoqda.

Ko‘plab mamlakatlarning vositachilari Venada ushbu dahshatli doirani buzish uchun yig‘ilishadi. Biroq Isroil yadro kelishuvining joriy holatini qayta jonlantirishni mantiqli deb hisoblamayapti.

Royal United Services institutining Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassisi doktor Maykl Stivenning aytishicha, Isroilning so‘nggi harakatlari yadro muzokaralarini buzish uchun ataylab tashlanayotgan qadamlardir.

«Isroil Eronning yadro dasturini izdan chiqarishga qaratilgan bir tomonlama urinishlarni amalga oshirmoqda. Bu harakat, birinchi navbatda, Eron bilan yadroviy bitim imzolashga intilayotgan AQShning muzokarachi pozitsiyasiga putur yetkazmoqda. Qolaversa, Isroil manfaatlariga qarshi Eronni assimetrik hujumlar qilishga undamoqda. Isroil ushbu odimlar Eronni to‘xtatadi, degan fikrda, ammo buning badali qanday bo‘ladi?» deydi u.

Dengizlarda nima bo‘lyapti?

Shu kunlarda dengizlarda qiziq voqealar sodir bo‘lmoqda. Yil boshida Isroil yuk kemasi MV Helios Ummon qo‘ltig‘idan o‘tayotganda jiddiy zarar ko‘rdi. Isroil Eronni kemaga hujum uyushtirishda aybladi. Eron esa ushbu ayblovlarni rad etdi.

Aprel oyida Tehron ma'muriyati Qizil dengizda Eron bayrog‘i ostida suzgan Saviz nomli kemaga hujum uyushtirilganini e'lon qildi. Isroil va Yamanda harbiy operatsiyalar boshlagan Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiyaning fikricha, Saviz kemasi Eronning ittifoqchisi hisoblanmish Yamandagi husiychilarga qurol-yarog‘ va moddiy-texnik yordam ko‘rsatmoqda.

AQSh ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, Isroil kuchlari 18 oy ichida Suriyaga Eron nefti va harbiy texnikasini olib ketayotgan kamida 12ta kemani nishonga olgan.

Suriya va Livan

Suriyadagi 10 yillik urush Isroilning mintaqadagi harbiy harakatlari parda ortida qolishiga imkon berdi. Fuqarolar urushi eronlik «harbiy mutaxassislar»ning Livandagi ittifoqchilari «Hizbulloh» bilan yaqin hamkorlik qilishi va Suriya prezidenti Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlashi uchun yo‘l ochdi. Ba'zi hollarda ushbu mutaxassislar Isroil tomonidan bosib olingan Jo‘lon tepaliklariga juda yaqin pozitsiyalarni egalladi.

Isroil mintaqada Eronning aniqlik bilan boshqariluvchi raketalari mavjudligidan xavotirda. Ushbu arsenalning hujum qilish doirasiga Isroilning ba'zi shaharlari ham kiradi. Isroil kuchlari tomonidan Eronning raketa bazalari va ularning Suriyadagi yetkazib berish yo‘llariga bir necha bor havo hujumi uyushtirildi. Ammo Erondan hozircha aniq javob olinmadi.

Xulosa

Ushbu «soyalar urushi»ning zamirida yotgan asosiy masala – qo‘rquv siyosatidir.

Ikki tomon ham bir-biriga zaif ko‘rinishni istamaydi, ammo Eron ham, Isroil ham chinakam urushni boshlab yubormaslik uchun ehtiyotkorlik bilan qadam tashlashga majbur.

Masalaning yadroviy tomonida esa Isroil razvedkasining ham jismoniy, ham kiber vositalar bilan Eron kuchlariga g‘oyat ajablanarli tarzda yaqinlasha olish qobiliyati mavjudligini ko‘rish mumkin.

Dengiz jabhasida Isroilning geografik nuqsoni bor. Garchi Isroil Qizil dengizga yetarlicha kirish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, Eron Fors ko‘rfazining uzun qirg‘oqlari va husiychilar ittifoqiga tayanuvchi afzalliklarga ega.

Suriya va Livandagi Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi Isroilga qarshi raketa hujumlarini uyushtirishga qodir. Biroq bu juda xavfli, chunki Isroilning javobi jiddiy bo‘lishi va u to‘g‘ridan to‘g‘ri Eron shaharlarini nishonga olishi mumkin.

Londondagi Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti xodimi Jon Reyn Isroil razvedka kuchlari Eronning harakatlarini chippakka chiqarishi mumkin, degan fikrda.

«Eronning Isroilga qarshi hujumda rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan eng yaxshi ittifoqchisi «Hizbulloh» bo‘lishi mumkin, ammo bu vaziyat Eron istamagan taranglikni vujudga keltirishi ehtimoldan xoli emas. Eron assimetrik urush afzalliklariga ega. Ammo Suriyada ko‘rilganidek, Isroil hujum uyushtirishga qaror qilsa, bu ishni a'lo darajada uddalay oladi», deydi u.

Mavzuga oid
Top