O‘zbekiston | 21:03 / 15.04.2021
19609
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar IELTS'da o‘rtacha necha ball olishi ma’lum qilindi

IELTS xalqaro imtihonini O‘zbekistonda topshiruvchilar qayd etgan o‘rtacha natija – 5,7 ball. Bu borada mamlakat 34-o‘rinda turadi.

Foto: Getty Images

Taqqoslash uchun, Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 6,1, Rossiyada 6,7 ballni tashkil etadi. Eslatib o‘tamiz, ingliz tilini bilish ko‘nikmalarini baholovchi ushbu imtihonda maksimal ball 9ga teng.

Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi matbuot kotibi Nodir Abduqodirov 15 aprel kungi brifingda ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, agentlik xalqaro imtihon tizimlarida yuqori ball olgan yoshlarning imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish uchun 2021 yilda jami 5 mlrd so‘m sarflashi ko‘zda tutilgan.

Nodir Abduqodirov «Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to‘liq qoplab berishning ma’muriy reglamenti»ning ayrim jihatlariga to‘xtaldi.

«Muqaddam imtihonlarning bir turi bo‘yicha imtihon topshirish xarajati kompensatsiyasini olgan ariza beruvchiga imtihonlarning aynan shu turi bo‘yicha takroran topshirilgan imtihon xarajati qoplanmaydi.

Aniqlashtirib o‘tamiz: imtihonlarning boshqa turi bo‘yicha minimal ko‘rsatkich yoki undan yuqori natija qayd etilsa, unga reglament talablariga muvofiq, kompensatsiya to‘lab beriladi.

16 yoshga to‘lmagan fuqarolarning imtihon topshirish xarajatini kompensatsiya qilishini so‘rab, ushbu fuqarolarning qonuniy vakillari murojaat qilishlari mumkin.

Bunda kompensatsiya ushbu reglament talablariga muvofiq, 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarning qonuniy vakillariga to‘lab beriladi.

Kompensatsiya olish uchun imtihon topshirish vaqtida 31 yoshga to‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, 16 yoshga to‘lmagan qonuniy vakillar orqali murojaat qilishi mumkin», – dedi Yoshlar ishlari agentligi matbuot xizmati rahbari Nodir Abduqodirov.

Mavzuga oid