O‘zbekiston | 19:02 / 16.04.2021
16850
3 daqiqa o‘qiladi

Mas'ullar aviachipta narxini belgilashda fuqarolarimiz tushib qolgan tanlovsiz vaziyatdan insofsizlarcha foydalanmoqda - cenator

Aviachiptalar narxining haddan ziyod yuqoriligi yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisiga senator so‘rovi yuborildi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Oliy Majlis Senati a'zosi, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov fuqarolarning e'tirozlari yuzasidan «Toshkent–Olmaota» yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar haddan ziyod yuqori narxda sotilayotganligini o‘rganib chiqish va natijasi yuzasidan ma'lumotlarni taqdim etish bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Shohrux Shorahmetovga senator so‘rovi yubordi.

Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan «Toshkent–Olmaota» yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi faqat bir tarafga 4 mln. 700 ming so‘mni tashkil qilmoqda.

«Holbuki, parvoz vaqti 3 soat 40 daqiqadan iborat «Toshkent–Moskva» yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi 4 mln. 200 ming so‘m, «Toshkent–Riga» yo‘nalishi bo‘yicha 2 mln. 800 ming so‘m (parvoz vaqti – 5 soat 30 daqiqa), «Toshkent–Nyu York» yo‘nalishi bo‘yicha esa 6 mln. 500 ming so‘m (parvoz vaqti – 12 soat) etib belgilangan. Samolyotlar turlari esa deyarli bir xil.

Ko‘rinib turibdiki, parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan «Toshkent–Olmaota» yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi undan bir necha soat ko‘p parvoz qilinadigan yo‘nalishlar uchun belgilangan narxlardan sezilarli darajada yuqoridir. Ushbu tushunarsiz holat fuqarolarimiz uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda», – deydi senator.

U mas'ullar narx belgilashda fuqarolar tushib qolgan tanlovsiz, murakkab vaziyatdan insofsizlarcha foydalanmoqda deb hisoblaydi.

«Zotan, Qozog‘istonga chegaradan piyoda yoki avtotransport vositasida o‘tishga qo‘shni davlat tomonidan pandemiya sababli taqiq qo‘yilgan. Bizning mas'ullarimiz ana shunday sharoitda fuqarolarimiz majburligidan ham qimmat narxda chipta sotib olaveradi, degan ishonch bilan o‘z yurtdoshlarining manfaatlariga zid harakat (yoki harakatsizlik) qilmoqda.

Oqibatda ishlash yoki boshqa maqsadlarda qo‘shni Qozog‘istonga ketayotganlar yana asossiz va ortiqcha xarajat qilishga majbur bo‘lmoqda», deya qo‘shimcha qilgan senator.

Mavzuga oid