O‘zbekiston | 14:24 / 21.04.2021
2979
2 daqiqa o‘qiladi

Subsidiya ajratilgan aholi va mehnat organlari o‘rtasida ijtimoiy kontrakt tuziladi

Vazirlar Mahkamasining “Davlat mablag‘lari hisobidan band bo‘lmagan aholiga berilayotgan subsidiya, grant, nafaqa va boshqa to‘lovlarning maqsadli va samarali ishlatilishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan boshlab qator shahar va tumanlarda tajriba-sinov tariqasida davlat mablag‘lari hisobidan subsidiya, grant, nafaqa va boshqa to‘lovlar ajratilgan band bo‘lmagan aholi, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan band bo‘lmagan aholi bilan mahalliy mehnat organlari (aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari) o‘rtasida ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi va bu borada taraflarning ijtimoiy mas'uliyatini belgilovchi ijtimoiy kontrakt tuzish amaliyoti joriy etiladi.

Hujjat bilan Davlat mablag‘lari hisobidan ajratilayotgan subsidiya, grant, nafaqa va boshqa to‘lovlarni oluvchi band bo‘lmagan aholi bilan ijtimoiy kontrakt tuzish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2021 yil 1 iyulga qadar “Bandlik xizmati” axborot tizimida ijtimoiy kontrakt tuzgan band bo‘lmagan aholining ism va familiyasi, yoshi, jinsi, yashash joyi, ma'lumoti, ajratilayotgan subsidiya, grant, nafaqa, boshqa to‘lovlarning turi, miqdori, muddati, ijtimoiy kontraktga rioya qilinishi ustidan yuritilgan monitoring natijalari va boshqa ma'lumotlar aks ettiriladigan “shaxsiy profili”ni ishlab chiqadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid