Jahon | 22:42 / 22.04.2021
4395
2 daqiqa o‘qiladi

Iqlim bo‘yicha xalqaro sammit o‘z ishini boshladi

AQSh prezidenti Jo Bayden iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash masalalari bo‘yicha sammitni ochib berdi. Bu AQShning yangi ma'muriyati tomonidan tashkillashtirilgan birinchi yirik xalqaro tadbir hisoblanadi.

Foto: AP

Onlayn-rejimda o‘tayotgan sammitda 40ta davlat yetakchisi ishtirok etmoqda.

 Bayden kirish nutqida barcha davlatlarni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda birlashishga chaqirdi. Uning ta'kidlashicha, yaqin o‘n yil bu borada «hal qiluvchi o‘n yillik bo‘ladi».

 «Men mutaxassislardan maslahat olaman hamda yanada farovon va adolatli kelajak uchun salohiyatni ko‘rmoqdaman. Fan xato qilmaydi va harakatsizlik qiymati tobora oshib bormoqda», deb aytgan Bayden sammitni ochish vaqtidagi nutqida. U AQSh 2030 yilgacha atmosferaga zararli chiqindilar chiqarishni 2 martaga qisqartirishini, 2050 yilgacha esa umuman to‘xtatishini aytgan. Biroq Baydenning aytishicha, AQSh bir o‘zi iqlim o‘zgarishi muammosini hal qila olmaydi.

 O‘z navbatida, Xitoy raisi Si Tszinpin nutqida rivojlangan davlatlarni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha choralarni kuchaytirishga chaqirdi. Uning ta'kidlashicha, Xitoy 2026 yildan boshlab ko‘mir iste'molini qisqartirishni boshlaydi.

 Sammitda boshqa yetakchilar ham so‘z olishlari kutilmoqda. Ularning chiqishlari Oq uyning YouTube-kanalida namoyish qilinmoqda.

 Ikki kun davom etadigan sammit 22 aprelda nishonlanadigan Xalqaro Yer kuniga bag‘ishlangan. Unda hech qanday hujjatlar imzolanmaydi.

 AQShning avvalgi prezidenti Donald Tramp atmosferada karbonat angidrid gazi miqdorini qisqartirish bo‘yicha choralarni tartibga soluvchi iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqishga qaror qilgandi. Biroq Bayden hokimiyat tepasiga kelgach, Trampning bu qarorini bekor qildi.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid