Jahon | 21:33 / 23.04.2021
15714
3 daqiqa o‘qiladi

Suriyalik dengizchi yuk kemasida yolg‘izlikda 4 yilni o‘tkazishga majbur bo‘ldi

Suriyalik dengizchi Muhammad Oysha Misr sohillari yaqinida tashlab ketilgan yuk kemasida 4 yil bir o‘zi yashashga majbur bo‘ldi. Nihoyat unga kemani tark etishga ruxsat berildi va u uyiga yo‘l oldi.

Foto: Muhammad Oysha

 «O‘zimni qanday his qilyapman? Nihoyat turmadan chiqqandekman. Men axiyri oilam bilan birlashaman. Men ularni yana ko‘raman», – deb aytgan dengizchi.

2017 yilda MV Aman yuk kemasi Misrning Adabiya portida muddati o‘tib ketgan himoya qurilmasi va hujjatlar sababli ushlangan. Kemaning Bahrayndagi egasi moliyaviy muammolarga duch kelgan, undan foydalangan livanlik pudratchilar esa yonilg‘iga pul to‘lashdan bosh tortishgan.

Kemaning misrlik kapitani kemani tark etgach, Misr sudi kemaning katta zobiti bo‘lgan Muhammad Oysha zimmasiga MV Aman’ni qo‘riqlash majburiyatini yuklagan. Suriyaning Tartus shahrida yashagan Oyshaga ushbu buyruqdan ko‘zlangan maqsad tushuntirilmagan. Keyingi bir necha oy ichida ekipajning qolgan a'zolari ham sekin-asta kemani tark etishgan va natijada kemada Oyshaning bir o‘zi qolib ketgan.

Muhammad yolg‘izlikda o‘zini turli ermaklar bilan chalg‘itishga uringan. Dengizchini qo‘yib yubormaganlari yetmagandek, unga maosh ham to‘lanmagan. Bu vaqt ichida uning onasi olamdan o‘tgan. O‘shanda Oysha o‘z joniga qasd ham qilmoqchi bo‘lgan. Uning ahvoli tobora yomonlashib borgan. Muhammadning ta'kidlashicha, tunlari kema go‘yoki tobutni eslatgan.

 «Hech narsa ko‘rinmaydi, eshitilmaydi, go‘yoki tobutda yotgandeksan», deb eslamoqda dengizchi.

2020 yil martida dovul vaqtida kema langardan uzilib, 8 kilometr o‘z holicha suzib yurgan va oxiri sohilbo‘yidan bir necha yuz metr uzoqlikda sayozlikka o‘tirib qolgan. Bu Muhammadga mustaqil ravishda yegulik topishga va hattoki telefonini quvvatlab olishiga imkon bergan.

 Kema egalarining ta'kidlashicha, ular dengizchiga yordam berishmoqchi bo‘lgan, biroq sud qaroriga ta'sir ko‘rsata olishmagan yoki Muhammadni boshqa biror kishi bilan almashtira olishmagan. Ularning aytishicha, Muhammad umuman sud buyrug‘ini imzolamasligi kerak edi.

 Bu orada mutaxassislarning ta'kidlashicha, agar MV Aman egalari kemani ortga qaytarishga ertaroq harakat qilganlarida, bunday oqibatlardan qochish mumkin bo‘lardi.

Mavzuga oid