14:42 / 24.04.2021
21792

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi yig‘ilishda talon-toroj va o‘g‘rilikka yo‘l qo‘ygan mas’ul mansabdorlar lavozimidan ozod etildi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev rahbarligida Buxoro viloyatining Gazli hududida joylashgan ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobiga oid tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Yig‘ilishda Boshqaruv raisi so‘nggi yillarda Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalar ekan, erishilayotgan natijalar yaratib berilayotgan imkoniyatlarga mos bo‘lmayotganini ta’kidlab o‘tdi.

– Jumladan, Gazli zavodida yillik quvvati 5,0 mlrd kub metr tabiiy gaz bosimini oshirib berishga mo‘ljallangan Uchqir siquv kompressor stansiyasi, Gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasining 6-tarmog‘i, yangi qozonxona, Gazni quritish qurilmasi hamda Gazdan propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasi foydalanishga topshirildi. “Uchqir” gazni oltingugurtdan tozalash majmuasi “Gazli” gazni qayta ishlash zavodi deb nomlandi, – dedi Mehriddin Abdullayev.

Ta’kidlash kerakki, “Uchqir” gazni oltingugurtdan tozalash majmuasida bugunga qadar 120 tonna gaz kondensati qazib olingan bo‘lsa, yangi zamonaviy texnologiyalarni jalb etilishi va qurib ishga tushirish natijasida kunlik jami 450 tonnaga yaqin suyuq uglevodorodlar qazib chiqarish va ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Shundan, Propan-butan aralashmasi olish qurilmasining 2-bosqichida bugungi kunda o‘rtacha kunlik 175 tonnadan suyultirilgan gaz ishlab chiqarilmoqda va shu kunlarda aholi iste’molchilarga yetkazib berilmoqda.

Yaratilayotgan sharoitlarga qaramay, ishlab chiqarish hajmida keskin o‘zgarish kuzatilmagani Boshqaruv raisi tomonidan keskin tanqid qilindi, quyidagilar aytib o‘tildi.

– Bugun ochiq-oydin aytishimiz kerakki, katta o‘zgarishlar bo‘lishiga qaramay, rahbarlarni qayta-qayta almashtirishimizdan qat’i nazar Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida kutilgan natijalarga erishilmayapti. Boshqarmada 29 ta neft va gaz konlari mavjud bo‘lib, shundan 23 ta kon ishlatilmoqda.

2021 yilda ko‘rsatkichlarni amalga oshirish uchun bir qator geologik-texnik tadbirlar belgilab olingan bo‘lib, bunda 48 ta yangi quduqlarda burg‘ilash ishlarini tugatib ishga tushirish (shundan, “O‘zbekneftgaz” AJ o‘z mablag‘lari hisobidan 10 ta hamda 2017–2021 yillar dasturi doirasida 38 ta), 120 ta mavjud quduqlarda kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlarini bajarish, 7 ta texnologik obektlarni qurilish bilan tugatib ishga tushirish natijasida 977,2 mln kub metr tabiiy gaz va 17,8 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarishga erishiladi.

Yig‘ilishda Boshqaruv raisi boshchiligida “Ishchi guruh” a’zolari joylarga chiqib, obekt va konlarda olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida kerakli tavsiyalar berilgani, imkoniyatlar yaratilgani, lekin quduqlar fondi bilan ishlash, obodonlashtirish, shuningdek, quduqlarni jihozlash yo‘nalishida bir necha bor ogohlantirishlar berilishiga qaramay, umuman o‘zgarishlar kuzatilmagani ma’lum qilindi.

2020 yilni sarhisob qiladigan bo‘lsak, tabiiy gaz qazib chiqarish 4,2 mlrd kub metrni, (reja 5,029 mlrd) reja bajarilishi 85,1%ni tashkil etdi.

2020 yilda burg‘ilashdan 26 ta quduq ishga tushirildi, mavjud 131 ta quduqlarda mukammal ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari amalga oshirildi, 11 ta texnologik tadbirlar bajarildi. Ushbu geologik-texnik tadbirlardan 1 mlrd 184 mln kub metr tabiiy gaz olinishi rejalashtirilgan bo‘lsada, amalda 630,3 mln kub metr tabiiy gaz qazib olingan, yoki 553,9 mln kub metr rejalashtirilgan tabiiy gaz qazib olinmagan.

Boshqaruv raisi kon va quduqlarda bo‘layotgan o‘g‘irliklarni keskin tanqid qilib, bunga bee’tibor bo‘lganlarga intizomiy jazo choralari ko‘rilishini ma’lum qildi va shu yilning 5 apreliga o‘tar kechasi sodir etilgan o‘g‘irlik borasida ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor chora-tadbirda cho‘l hududida joylashgan “Mirkomil-Savatli” gaz konlaridagi diametri 326 mm bo‘lgan gaz quvurining 6-7 kilometr oralig‘ida qo‘l bola xomut qo‘yilib, 10x3 metr kattaligidagi selofandan tayyorlangan hovuz orqali davlat raqamisiz KAMAZ rusumli avtomashinasi hamda 2 nafar Peshku tumani fuqarolari ashyoviy dalillar bilan, ya’ni 1 tonnali temir idishi, 11 ta sig‘imi 200 litrli plastmassa idishi va qo‘lbola sig‘imlardagi kondensat mahsuloti bilan qo‘lga olingan.

Jami o‘g‘irlik sig‘imlaridan va hovuzdan olingan kondensat mahsulotlarning hajmi 16,5 tonnani va qiymati 90,8 mln so‘mni tashkil etgan. Yuqorida ko‘rsatilgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Buxoro viloyati Qorako‘l tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bu holatlarning yana bir e’tiborli jihati shundaki, ushbu hodisaga qariyib 17-18 kun bo‘lgan bo‘lsa-da, Boshqarma rahbariyati tomonidan bu haqda Jamiyatga ham, tegishli departamentlarga ham xabar berilmagan.

Shu sababli, Boshqaruv raisi bugundan boshlab yangi tartib o‘rnatilishini va endilikda qo‘riqlash ishlarini amalga oshirishda, shuningdek, har qanday yakka tarzdagi yoki tizimli o‘g‘irlik holatlarini oldini olishda Milliy gvardiya bilan birgalikda nazorat ishlari olib boriladi, dedi.

Ta’kidlash joizki, Boshqarmadagi mas’ul rahbar xodimlar va mutaxassislarning e’tiborsizligi, boshqarma, zavod, jamoa taqdiriga befarq bo‘lishi, mulkga xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lishi natijasida juda ko‘plab moliyaviy xatoliklarga, talon-torojliklarga, pul mablag‘lari noo‘rin, samarasiz ishlatilishiga, hisob va hisobotlarni yuritishdagi turli chalkashliklar, noaniqliklarga yo‘l qo‘yilib kelinmoqda.

Masalan, tovar moddiy boyliklarni sotib olish uchun taqdim qilingan buyurtmalarni yetarlicha o‘rganilmasdan xarid qilingani sababli, zaruratdan ortiqcha mahsulotlar sotib olingan. Bugungi kunda boshqarmaning omborlarida jami 67,2 mlrd so‘mlik tovar moddiy boyliklari mavjud bo‘lib, shundan 7,4 mlrd so‘mlik (8,7%) qimmatliklar nolikvid holatda, bugungi kunda umuman ehtiyoj bo‘lmagan xolda va 0,7 mln so‘mlik qimmatliklar foydalanishga yaroqsiz holatda saqlanmoqda.

Boshqarmada Jamiyat mulkini saqlanishiga bo‘lgan munosabat ham o‘ziga yarasha, hech kimni ishi yo‘q. 2020 yilda Boshqarmaning 2 ta moddiy javobgar shaxslari javobgarligidagi jami 420,1 mln  so‘mlik kamomadiga yo‘l qo‘yilgan. Ushbu holatlarni hujjatlar tegishliligi bo‘yicha chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdim qilindi.

Boshqarma tomonidan 2020 yil davomida hamda joriy yilning 22 apreliga qadar jami 448 ta qiymati 459,6 mlrd so‘mlik shartnomalar Jamiyatning G‘aznachilik va moliyaviy operatsiyalar departamentiga taqdim qilingan bo‘lib, ulardan 117 ta 223,84 mlrd so‘mligida “O‘zbekneftgaz” AJda xarajatlarning g‘azna ijrosi qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori va boshqa me’yoriy hujjatlar talablariga rioya etilmagan.

Boshqaruv raisi Boshqarmada yo‘l qo‘yilayotgan salbiy holatlarni atigi bir qismini sanab o‘tilgani, afsuski, bunday holatlar Jamiyat obro‘siga putur, manfaatlariga zarar yetkazishini bildirib, bir necha kundan beri “Ishchi guruh” tomonidan xodimlarning faoliyati chuqur o‘rganib chiqilgani va o‘n nafardan ortiq xodimlar egallab turgan lavozimidan ozod etilganini ma’lum qilindi.

Jumladan, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi direktori vazifasini bajaruvchisi Majidov Abdullo Kaxxorovich, Bosh muhandis Rajabov Abror Samiyevich, Umumiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Egamov Alisher Usmonovich, Buxgalteriya hisobi bo‘limi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Rustamov Raxmon Sultonovich, Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Sayfullayev Maxmud Axadovich, Moliya va g‘aznachilik departamenti yetakchi mutaxassisi Abdullayeva Aliya Jaliyevna, Metrologiya, avtomatlashtirish va standartlashtirish xizmati boshlig‘i Rajabov Said Sadullayevich, Xaridlar bo‘limi boshlig‘i Yuldashev Rahim Nasimovich, Tashkiliy rivojlantirish va xodimlarni rag‘batlantirish bo‘limi mehnatni tashkil qilish va me’yorlash bo‘yicha muhandis Ashurov Djurabek Salimovich, Tijorat departamenti logisti Xamroyev Mansur Olimovich, Ta’mirlash ishlari xizmati boshlig‘i Fozilov Sobir Jurayevich, Quduqlarni to‘la ta’mirlash sexi boshlig‘i Niyozov Ulug‘bek Madiyorovich, “Ko‘lbeshkak” 1-sex boshlig‘i Sadiyev G‘ayratulla Nasrullayevich, “Doyaxotin” 2-sex boshlig‘i Djalilov Nodir To‘ymurodovich, “Qumli” 3-sex boshlig‘i Yusupov Istam Axtamovich, “To‘maris” 4-sex boshlig‘i Djyenbayev Abdijapbar Yakupovich, Avtotransport sexi boshlig‘i Teshayev Nasim Namozovich, Transport bo‘limi boshlig‘i Muxtorov Maxmud Nabiyevich egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

O‘z navbatida Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yangi rahbar va uning o‘rinbosarlari tayinlandi:

– “O‘zbekneftgaz” AJ Muborak neft va gaz boshqarmasi “O‘rtabuloq-Dengizko‘l” neft va gaz konlari majmuasi boshlig‘i Nazirov Xislat Rozikovich – Boshqarma rahbari;

– Temirov G‘ayrat Yorovich – Bosh muhandis;

– Abduraxmanov Laziz Baxodurovich – Umumiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari;

– Raimov Sirojiddin Choriyevich – buxgalteriya hisobi bo‘limi boshlig‘i;

– Latipov Ilxom Mustafayevich – kadrlar bo‘limi boshlig‘i.

Boshqaruv raisi tomonidan yig‘ilish yakunida yangi rahbarga va Boshqarma mas’ullariga joriy yil yakuniga qadar tabiiy gaz qazib chiqarishni 5 131,2 mln kub metrga oshirish choralari yoki 2020 yil ko‘rsatkichiga nisbatan 107,4% o‘sish sur’atini ta’minlash, Gaz kondensati qazib chiqarish 117,4 ming tonnaga oshirish yoki 247,6% o‘sish sur’atini ta’minlash va shundan, 73,3 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ta’minlash choralari ko‘rilishi bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ
Matbuot xizmati Ⓣ

Top