Pashinyanning iste'fosi muddatidan oldingi parlament saylovlari o‘tkazilishi uchun kerak edi, saylovlarni o‘tkazishga esa o‘tgan yil kuzida Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi urushda mag‘lub bo‘lishi ortidan zarurat yuzaga kelgandi.
Bugun Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Facebook orqali xalqqa murojaat qilib, iste'fo berganini e'lon qildi.
«2020 yilda biz halokatli voqealarrni boshdan kechirdik, muammolar sabablari va yechimlar haqida deyarli hamma gapirdi: siyosiy kuchlar, hukumat a'zolari, ziyolilar, ruhoniylar, jamoat tashkilotlari. Endi xalq o‘z so‘zini aytish va o‘tmishga hamda bugunga baho berish va kelajak uchun qaror qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Bunday imkoniyat hosil qilish uchun muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkaziladi.
Prezident va siyosiy kuchlar bilan kelishuvga ko‘ra, konstitutsiyaviy nizomlarni amalga oshirish va parlamentni tarqatib yuborish uchun men bugun iste'fo beryapman», deya Pashinyanning so‘zlarini keltirgan «Novosti-Armeniya» agentligi.
Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, bunday holatda Armaniston hukumati ham to‘liq tarkibda iste'fo beradi. Ammo hozirgi hukumat yangi hukumat shakllantirilguncha o‘z vazifalarini bajarishda davom etadi.
Pashinyan parlamentdagi muxolifat bilan kelishuvga ko‘ra, 20 iyun kuni muddatidan oldingi parlament saylovlari o‘tkazmoqchi, u bu saylovlarda ham g‘olib chiqishni ko‘zlagan - so‘rovlar unga g‘alaba uchun umid bermoqda.
«Aprelning oxirgi o‘n kunligida iste'foga chiqaman. Men buni ketish uchun emas, muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazilishi uchun qilaman. Men bosh vazir vazifasini bajaruvchi sifatida ishlashda davom etaman. Saylovlarda saylovchilar ishonch bildirishsa, men mamlakatda yanada yaxshiroq xizmat qilishga va'da beraman. Ammo agar fuqarolar bizni qo‘llab-quvvatlashmasa, biz saylanadiganlarga hokimiyatni topshiramiz», degandi Pashinyan 28 mart kuni mamlakat bo‘ylab safar davomida fuqarolar bilan uchrashuvda.
Armaniston konstitutsiyasiga ko‘ra, muddatidan oldingi parlament saylovi o‘tkazilishi uchun bosh vazir iste'fo berishi, keyin parlament ikki urinishda ham yangi bosh vazir nomzodini tasdiqlamasligi kerak. Pashinyan, uning rahbarligidagi «Mening qadamim» partiyasi nazoratidagi Milliy majlis (parlament) va prezident Armen Sarkisyan aynan shu tartibga rioya qilmoqchi.
O‘tgan yilning sentyabr-noyabr oylarida 44 kun davom etgan Qorabog‘ urushida Ozarboyjonga mag‘lub bo‘linganidan keyin Pashinyanning mavqeyiga putur yetgandi.















