Jamiyat | 18:25 / 26.04.2021
12047
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari. Raqamlar rasmiy ma'lumotlardagidan ham ko‘p bo‘lishi mumkin

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari yildan yilga oshib bormoqda.

«2021 yilning 15 apreliga qadar Ombudsman nomiga xotin-qizlar tomonidan 20ga yaqin jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik, ruhiy tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyati Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Ularga nisbatan zo‘ravonlik aks etgan raqamlar aslida bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Bunga sabab esa o‘zbek ayollarining andisha qilib ko‘p holda zo‘ravonliklarga ko‘z yumishidir», deyiladi xabarda.

O‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga qaralsa, unda ishtirok etgan ayollarning 42 foizi o‘zi va farzandlarini boqa olmasligidan qo‘rqib zo‘ravonlikka chidasa, yana 38 foizi boshqalar tomonidan muhokama (gap-so‘z) bo‘lishdan qo‘rqib zo‘ravonlikka ko‘z yumadi.

Zo‘ravonlik – tazyiq va tahqirlashlar orqali shaxs ustidan nazorat qilishdir. Ya'ni zo‘ravonlik jabrlanuvchi va uning hayoti ustidan nazorat qilishni ongli ravishda o‘rnatishdir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, 15 va 49 yoshidagi xotin-qizlarning 25 foizidan ko‘prog‘i hayoti davomida jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka duch kelishadi. Ushbu zo‘ravonliklarning 33 foizi Janubi-Sharqiy Osiyo hududiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bosh prokuratura bergan ma'lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020 yilda nomusga tegish holatlari 27,7 foizga oshgan.

O‘tgan uch oy mobaynida huquq-tartibot idoralariga zo‘ravonlikka uchragan ayollar tomonidan 11 mingdan ortiq murojaat bo‘lgan

IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi xabar berishicha, 2021 yilning yanvar-mart oylarida zo‘ravonlik holatlari qayd etilishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ortgan.

O‘tgan uch oy davomida respublikadagi huquq-tartibot idoralariga xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazish holatlari bo‘yicha jami 11 070ta murojaat kelib tushgan.

Ushbu murojaatlarning 2 772tasi 18-30 yosh oralig‘idagi, 93tasi esa voyaga yetmagan shaxslar tomonidan bo‘lgan. Sodir etilgan zo‘ravonlik holatlarining eng katta qismi - 9 973tasi oilada yuz bergan. Murojaat qilgan shaxslarning 5 209 nafari ruhiy, 3 813 nafari jismoniy, 166 nafari iqtisodiy, 44 nafari jinsiy zo‘ravonlik hamda 1 838 nafari zulm va tazyiq o‘tkazishlarga uchraganini aytishgan.

Jismoniy zo‘ravonlik bilan bog‘liq murojaatlarning eng ko‘pi, Qashqadaryo (548ta), Sirdaryo (540ta) va Farg‘ona (412ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ruhiy zo‘ravonlik bo‘yicha murojaatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (959ta), Qashqadaryo (668ta), Andijon (566ta) viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Iqtisodiy zo‘ravonlik bo‘yicha murojaatlarda Samarqand viloyati eng yetakchi o‘rinda – 100ta. Toshkent va Navoiy (har birida 13tadan), Surxondaryo (12 ta) viloyatlari keyingi o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, Sirdaryo, Jizzax, Farg‘ona viloyatlarida bu turdagi zo‘ravonlik hodisasi yuz bermagan.

Jinsiy zo‘ravonlik hodisalari haqidagi murojaatlar bo‘yicha Toshkent shahri birinchi (10ta), Navoiy viloyati ikkinchi (9ta), Surxondaryo viloyati uchinchi (6ta) bo‘lishgan. Shuningdek, jinsiy zo‘ravonlik faktlari Samarqand, Sirdaryo, Andijon viloyatlarida 4tadan, Jizzax viloyatida – 3ta, Qashqadaryo viloyatida – 2ta, Xorazm viloyatida – 1tadan ro‘yxatga olingan bo‘lsa, Toshkent, Farg‘ona, Namangan viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bunday holatlar qayd etilmagan.

Zulm va tazyiq o‘tkazish holatlari bo‘yicha Farg‘ona viloyatida (587ta),  Namangan viloyatida (391ta),  Xorazm viloyatida (260ta) holat aniqlangan.

Ichki ishlar vazirligi hamda Gender tenglikni ta'minlash komissiyasi tomonidan 8 158ta holatda eri tomonidan xotiniga, 322tasi qaynona tomonidan keliniga, 229tasi kelini tomonidan qaynonasiga tazyiq o‘tkazish holatlari bo‘yicha, hamda qolgan 2 361tasi boshqalarga «Himoya orderi» rasmiylashtirib berilgan.

O‘zbekiston BMTning «Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi Konvensiyasiga qo‘shilganiga 26 yil bo‘lishiga qaramay hamon ayollar huquqlarini toptash holatlari uchraydi.

«Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunda ham xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishi qilib belgilangan.

Har bir xotin-qiz zo‘ravonliksiz hayotda xavfsiz va farovon yashashga haqli. Uning bu huquqlarini poymol qilish, tazyiq o‘tkazish qonun bilan himoyalanadi.

Mavzuga oid