08:35 / 27.04.2021
6167

Bandlik bo‘yicha davlat jamg‘armasidan subsidiyalar qanday miqdorda ajratilishi aniqlashtirildi

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri “O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” buyruq chiqardi.

Buyruq bilan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Birinchidan, "Qorako‘lchilik" uyushmasi a'zolariga qo‘l mehnati uchun uskunalar xarid qilish bo‘yicha xarajatlarni qoplash uchun kamida bitta ish o‘rni yaratish sharti bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida subsidiyalar ajratiladi.

Ikkinchidan, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan "Temir daftar", "Ayollar daftari" va "Yoshlar daftari"ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun 7 mln so‘mgacha subsidiyalar ajratiladi.

Uchinchidan, subsidiyalar:

tadbirkorlik sub'yektlariga ish o‘rinlari va sharoitlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish uchun har bir moslashtirilayotgan ish joyi uchun bazaviy hisoblash miqdori 40 baravarigacha;

  • tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik sub'yekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng dastlabki uch oy mobaynida olingan bino va inshoot ijara to‘lovi xarajatlarini qoplash uchun;
  • hunarmandlarning "Hunarmand" uyushmasiga a'zolik badali xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi.

To‘rtinchidan, o‘rmon fondi yerlarini ijaraga olgan ijarachilar aholi bandligiga ko‘maklashish markazida ro‘yxatdan o‘tgan ishsiz shaxslarni ishga qabul qilgan taqdirda, ularga ish haqi to‘lash xarajatlarini qoplash uchun - 6 oy davomida o‘rtacha ish haqining 50 foizi miqdorida, biroq har bir oy uchun bazaviy hisoblash miqdori 2 barobaridan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.

Beshinchidan, usta-shogird an'analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan kulollarga shogirdlar tayyorlashi, zarur xomashyo sotib olishi va shogirdlarni ish haqi bilan ta'minlashi uchun subsidiyalar ajratiladi.

Oltinchidan, o‘n olti yoshdan to pensiya ta'minoti huquqini olish yoshigacha bo‘lgan, haq to‘lanadigan ishga yoki ish haqi keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan, ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ushbu organlar tomonidan ish qidirayotgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan mehnatga layoqatli shaxslar.

Nizomga boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritilgan.

Top