O‘zbekiston | 17:23 / 28.04.2021
4296
3 daqiqa o‘qiladi

«Buxoro – Urganch – Xiva» temir yo‘li elektrlashtirilmoqda, Xorazmga elektropoyezd boradi

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar qatnovini tashkil etish uchun «Buxoro – Urganch – Xiva» yo‘nalishidagi temir yo‘lni elektrlashtirish ishlari boshlandi.

Foto: KUN.UZ

Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Buxoro – Miskin temir yo‘l liniyasini qurish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari ijrosini ta'minlash maqsadida mart oyidan temiryo‘lchilar tomonidan ushbu ishlar boshlab yuborildi.

2011 yilda «Toshkent – Samarqand» yo‘nalishida Markaziy Osiyoda dastlabki yuqori tezlikdagi «Afrosiyob» elektropoyezdlari harakati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, keyinchalik Qarshi, Buxoro va Shahrisabz shaharlariga ham qatnovlar amalga oshirila boshladi. Endi navbat Urganch va Xiva shaharlariga yetib keldi.  

2017 yilgacha Toshkent shahridan Urganchga qatnovchi poyezdlar «Navoiy – Uchquduq – Miskin» magistrali orqali 1064 kilometr yo‘l bosgan bo‘lsa, Qizilqum sahrosini qoq o‘rtasidan kesib o‘tgan 355 kilometrlik «Buxoro – Miskin» uchastkasi qurilgach, bu masofa qariyb 100 kilometrga qisqardi. Navbatdagi bosqich – ushbu yo‘nalishni elektrlashtirishdir.

«Buxoro – Urganch – Xiva» uchastkasining umumiy uzunligi 465,5 kilometr bo‘lib, rejaga ko‘ra, 8ta elektr tutashtiruvchi tarmog‘ining navbatchilik binosi, 18ta qo‘riqlanadigan temir yo‘l kesishmasi, 27ta avtomobil yo‘l o‘tkazgich hamda 1ta lokomotiv jamoasi uchun dam olish uyi quriladi.

Shuningdek, uchastka bo‘ylab jami 14 mingdan ortiq poydevor, 12 mingdan ko‘proq temir-beton ustun o‘rnatish va kontakt tarmog‘ini montaj qilish ishlari, kontakt tarmog‘iga xizmat ko‘rsatish uchun maxsus texnikalar va himoya vositalari xarid qilinishi rejalashtirilgan.

Elektrlashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilib, unda yuzdan ortiq mutaxassis, ellikka yaqin maxsus temir yo‘l va qurilish texnikalaridan foydalanilmoqda. «Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish» loyihasi «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati hamda Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda.

Ushbu yo‘nalishning elektrlashtirilishi kelgusida «Toshkent – Samarqand – Navoiy – Buxoro – Urganch – Xiva» yo‘nalishida tezyurar hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi ekologik xavfsiz elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid