O‘zbekiston | 20:20 / 01.05.2026
2669
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Chexiyadan 10 ta elektropoyezd sotib oladi

Chexiyaning Škoda Group kompaniyasi O‘zbekistonga 10 ta zamonaviy elektropoyezd yetkazib berish bo‘yicha bitim imzolaganini ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati (arxiv)

Kompaniya xabariga ko‘ra, bitim Toshkentdagi Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev, Abdulla Aripov va Chexiya bosh vaziri Andrey Babish ishtirokida imzolangan. Loyiha qiymati 120 million yevroni tashkil etadi.

Škoda Group bosh direktori Petr Novotni so‘zlariga ko‘ra, loyiha O‘zbekiston hukumati, «O‘zbekiston temir yo‘llari» va kompaniya o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlik natijasidir. Kompaniya O‘zbekistonga zamonaviy texnologiyalarni olib kiradi va samarali transport uchun zamonaviy yechimlar taklif qiladi.

Bitim doirasida O‘zbekistonga Latviya va Estoniyada sinovdan o‘tgan platformalar asosida ishlab chiqilgan 1520 millimetrli izga mos 10 ta hududiy elektropoyezd yetkazib beriladi. Kompaniya ushbu poyezdlar yuqori ishonchlilik, qulaylik va energiya samaradorligiga ega bo‘lishini ta’kidlagan.

Loyiha doirasida servis, texnik xizmat va mahalliylashtirish uchun qo‘shma korxona tashkil etiladi. Shuningdek, Škoda Academy ochilib, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash hamda kelajakda poyezdlarga mustaqil xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid