O‘zbekiston | 21:07 / 28.04.2021
16469
11 daqiqa o‘qiladi

XDPga o‘zbek tilining mavqeyi kerakmasmi?

Xalq demokratik partiyasi davlat tashkilotlariga fuqaro qaysi tilda murojaat qilsa, unga imkon qadar shu tilda javob qaytarish majburiyatini yuklamoqchi. Partiya davlat organlari har qanday tildagi murojaatlarni qabul qilishi kerak, deb hisoblamoqda. Bu mantiqsizlik emasmi?

Foto: Xalq demokratik partiyasi matbuot xizmati

27 aprel kuni Qonunchilik palatasi yalpi majlisida har doim ham bo‘lavermaydigan qarama-qarshiliklar kuzatildi.

«Davlat tili haqida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish jarayonida deputatlar loyihaning 12-moddasi bo‘yicha ikkita katta tarafga bo‘linishdi.

Natijada loyiha qabul qilinmay, muhokamasi uchinchi o‘qishga qoldi. Bunda Xalq demokratik partiyasi deputatlarining «xizmati» katta bo‘ldi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Loyihaning 12-moddasida nima deyilgan?

Moddaning «Milliy tiklanish» DP fraksiyasi tomonidan taklif etilgan tahririda:

  • jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va davlat muassasalari, ularning mansabdor shaxslariga davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi ta'minlanishi;
  • boshqa tillarda murojaat qilingan taqdirda murojaat matnining davlat tiliga tarjimasi ilova qilinishi shartligi;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga javoblar davlat tilida bayon qilinishi nazarda tutilgan.

Moddaning Qonunchilik palatasi Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan taklif qilinayotgan tahririda esa:

  • Jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va davlat muassasalari, ularning mansabdor shaxslariga davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi ta'minlanishi;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga javoblar mumkin qadar murojaat etilgan tilda bayon qilinishi nazarda tutilgan.

Ko‘rinib turibdiki, 12-moddaning «Milliy tiklanish» taklif etgan tahririda davlat tilining mavqeyini ko‘tarishga qaratilgan qoidalar belgilangan. Qo‘mita ilgari surgan variantda esa davlat tilini rivojlantirish emas, uning shu paytgacha bo‘lib kelgan beqadrligini yanada mustahkamlaydigan qoidalar aks etgan.

Aytish lozimki, agarda moddaning qo‘mita taklif etgan tahriri qabul qilinsa, ushbu modda ortidan ish beruvchilar ishga qabul qilishda nomzodlarning xorijiy tilni bilishiga majburiy talab sifatida qarab, ushbu talabga to‘g‘ri kelmaganlarni ishga qabul qilishdan qonunga zid ravishda bo‘yin tovlash tendensiyasi shakllanishiga olib kelishi mumkin.

Bu esa davlat tilining obro‘yiga va rivojlanishiga bevosita salbiy ta'sir qiladi.

Bundan tashqari, taklif qilinayotgan «mumkin qadar» degan mujmal jumla amaliyotda turlicha talqin qilinadi, vaqti kelsa, tashkilotda xorijiy tilni biladigan xodimlar yo‘q bo‘la turib, murojaatni xorijiy tilda ko‘rib chiqish va ushbu tilda javob yozishga bo‘lgan ortiqcha chiranishlarni va vaqt yo‘qotishlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shunga qaramay, «Milliy tiklanish» tomonidan taklif etilgan tahrir ovoz berishda yetarlicha qarshilikka uchradi.

O‘z o‘rnida, qo‘mita taklif etgan variant ham yetarli qarshiliklarga uchrab, qabul qilinmay qoldi.

Eng e'tiborli jihati, 12-moddaning davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan tahririga eng ko‘p qarshi ovoz bergan deputatlar – Xalq demokratik partiyasi a'zolaridan iborat bo‘lib chiqdi: 18ta qarshi va 2ta tarafdor. Aynan shu deputatlar guruhidan 18tasi qo‘mita taklif etgan tahrirni yoqlab ovoz berishgan.

XDPning bu darajada eskicha qoidalarga yopishib olgani sababi noma'lum. Balki, yoshi katta, eski tuzum tarafdori bo‘lgan, o‘z ona tili qolib, boshqa tilda so‘zlashishni va ish yuritishni afzal ko‘ruvchi deputatlar ko‘pchilikni tashkil etar, balki «Milliy tiklanish» partiyasini o‘zlariga raqobatchi sanab shunday yo‘l tutishgandir, buyog‘i bizga qorong‘i.

XDP a'zolarining bu harakatlari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Hatto tarmoq foydalanuvchilari orasida partiyani «Xalq dushmanlari partiyasi» deb ataganlar ham uchradi.

AzonTV loyihasi muallifi Mubashshir Ahmad o‘z sahifasida quyidagi fikrlarni bildirdi:

«Uncha-munchaga tushkunlikka tushmayman. Lekin deputatlarning (deputatlarimiz degani tilim bormadi) kechagi qilg‘ilig‘i menga juda qattiq zarba bo‘ldi. Ikkinchi kun o‘tyapti, lekin o‘zimga kela olmayapman.

Yoshligimizda (15-18 yoshlar) o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishiga qilingan fidokorona harakatlarga guvoh bo‘lganmiz. Hali sovet ittifoqi qulamagan kezlarda ziyolilarimiz til masalasini hayot-mamot darajasiga olib chiqishgandi. Millatning, yurtning tirikligini uning tirikligida ko‘rishgandi.

Undan keyingi davrlarda dindor qatlamga qo‘shib, ziyoli qatlam ham qatag‘on qilingani bejizga emas ekan. Mana, o‘sha jinoyatlar mevasini endi terib olyapmiz. Hali bu achchiq mevalarni ancha vaqtgacha "chaynash"ga majbur bo‘lsak kerak.

Nima bo‘lganda ham, kechagi qilg‘ilik dinga, vatanga, millatga, tarixga, kelajakka va adolatga qilingan xiyonat bo‘ldi. Bu qilg‘ilikning boshqa ta'rifi yo‘q!»

Bu borada xorij tajribasidan ma'lum bo‘lishicha, dunyoning ko‘plab davlatlarida davlat tashkilotlariga murojaat qilinganda murojaatning va murojaatga javobning davlat tilida bo‘lishi qonunda qat'iy talab sifatida belgilab qo‘yilgan.

Xususan, Rossiya Federatsiyasining «Davlat tili to‘g‘risida»gi federal qonunining 3-moddasida Rossiya hududida faoliyat yuritadigan har qanday tashkilot, mulkchilik shaklidan qat'i nazar, ish yuritishni davlat tili, ya'ni rus tilida olib borishi lozimligi belgilangan.

Litva Respublikasining «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunining 4-moddasida respublika hududida ish yuritish hech bir istisnolarsiz faqat davlat (litva) tilida olib borilishi belgilangan. Qonunning 8-moddasida sud protsesslari, 9-moddasida hatto jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasidagi bitimlar ham davlat tilida amalga oshirilishi belgilangan.

Estoniyaning «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunida davlat tashkilotiga boshqa tilda murojaat qilinganda tashkilot murojaatchidan murojaatning davlat (eston) tilidagi tarjimasini topshirishni talab qilishga haqli ekani belgilangan. Bu yerda shunday istisno borki, mamlakatning biror ma'muriy-hududiy birligida yashovchi etnik ozchilik ushbu hudud aholisining yarmidan ko‘pini tashkil etsagina, ushbu tilda ham murojaat qilish huquqi beriladi.

Bundan tashqari, Fransiyada 1994 yil 4 avgustda qabul qilingan Tubon qonunida, Ozarboyjonning «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunida davlat va nodavlat tashkilotlarida ish yuritish tili sifatida ozar tili belgilab qo‘yilgan.

Yuqoridagi misollardan anglash mumkinki, davlat tashkilotiga boshqa tilda murojaat qilishda murojaatning davlat tilidagi nusxasi talab qilinishi va unga davlat tilida javob berilishini belgilash hech qanday qo‘rqinchli holat emas va bu choralar davlat tilining nufuzini oshirishda xizmat qiladi.

Aytish lozimki, «Milliy tiklanish»dan boshqa partiyalar a'zolarining ham deyarli yarmi qarshi ovoz berishgan. Masalaga nisbatan betaraf qolganlar va umuman ovoz bermaganlar ham salmoqli ekani kishini o‘ylantiradi. Davlat tilining keyingi taqdirini va obro‘yini hal qilish pallasida xalq nomidan ish qilishi kerak bo‘lgan vakillarning loqaydlikka berilishi qanday ham ayanchli holat...

Axir, til millatni birlashtiruvchi yagona vosita emasmi? Biz Angliya deganimizda ingliz tili, Fransiya deganimizda fransuz tili, Rossiya deganimizda rus tili ko‘z oldimizga kelishi bejiz emas. Chunki ushbu davlatlar o‘z millatining tilini yuqoriga ko‘tarish, o‘z hududida tilining hurmatini joyiga qo‘yish orqaligina xalqaro maydonda obro‘ topish mumkinligini bundan bir necha asrlar avval anglab yetishgan.

Millat o‘z tilini qadr toptirsagina o‘zi ham qadr topadi.

Yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putin rus tilining himoyasi bo‘yicha quyidagi fikrlarni bildirgandi:

«Rossiya maktablarida muhojirlar farzandlarining ulushi shunday bo‘lishi kerakki, ularni rus tili va madaniy muhitiga moslashtirish imkoniyati mavjud bo‘lsin, qolaversa Yevropa va AQShda bo‘layotgani kabi faqat muhojirlarning bolalari o‘qiydigan butun boshli maktablar paydo bo‘lishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik lozim».

Putin yaxshi anglaydiki, rus millatining ruhi, portreti hisoblangan rus tilini maktabdanoq himoya qilmasa, borib-borib butun millat yo‘qlikka uchraydi. Ammo, bizning deputatlar bu haqiqatni anglab yetishganmikan? Boshqa millat vakillari shu davlatda yashayaptimi, davlat tilini ham minimum darajada bo‘lsa-da bilishi lozimligi adolatdan bo‘lmaydimi?

Har ehtimolga qarshi eslatib o‘tishni joiz deb bildik. Joriy yilning 25 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida siyosiy partiyalarning 2020 yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlari tinglangan edi. Jumladan, XDP raisi Ulug‘bek Inoyatov 2020 yilda partiya hisobraqamlariga 23 milliard 842 million 410 ming so‘m kelib tushganini, ushbu mablag‘larning 48 foizi partiyaning o‘z mablag‘laridan iboratligini ma'lum qilgandi. Bundan anglash mumkinki, moliyalashtirish manbasining qolgan qismini davlat budjetidan jalb qilingan mablag‘lar, ya'ni xalqning soliqlaridan va boshqa boyliklaridan to‘plangan mablag‘lar tashkil qiladi.

Davlat tilining ustun mavqeyini belgilashga qarshi chiqqan va bu masalaga loqayd bo‘lgan deputatlardan soliq to‘lovchilardan olinayotgan mablag‘lar qanchalik oqlanayotgani, saylovchilar o‘zlari to‘layotgan soliqlaridan ushbu deputatlarning maosh olishiga qanchalik rozi bo‘layotgani haqida atroflicha mulohaza yuritishlarini va shunga munosib harakat qilishlarini so‘rab qolamiz.

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid