O‘zbekiston | 23:32 / 29.04.2021
17146
2 daqiqa o‘qiladi

Metropoliten: Mashinist tokopriyomnikda uchqun chiqayotganini ko‘rgani uchun poyezdni to‘xtatgan

28 aprel kuni Toshkent metrosining Chilonzor yo‘lida poyezd to‘xtab qolishiga relsni quvvatlovchi tokopriyomnikdan uchqun chiqqani sabab bo‘lgan. Bu haqda hodisa sabablarini o‘rganib chiqqan metropoliten ma'muriyati ma'lum qildi.

Chorshanba kuni Toshkent metrosining Chilonzor yo‘nalishida poyezd «Milliy bog‘» bekatidan «Novza» bekatiga harakatlanish vaqtida favqulodda to‘xtashni amalga oshirgan edi.

«Toshkent metropoliteni» UK hodisa sabablarini tekshirish natijasini ma'lum qildi. Qayd etilishicha, mashinist poyezd harakatlanayotgan paytda oldindagi yo‘lda kontakt relslarni quvvatlovchi tokopriyomnikda uchqun chiqayotganini ko‘rib qolgan.

«Ko‘rsatma (instruksiya) talablariga binoan, mashinist poyezdning harakatini to‘xtatishga qaror qildi, chunki ushbu vaziyatda harakatni davom ettirish mumkin emas. Mashinist bu haqda tezkorlik bilan dispetcherga xabar berdi, yo‘nalishda harakat tarkiblar elektr ta'minotidan uzildi va shundan so‘nggina barcha yo‘lovchilar poyezddan «Novza» bekatigacha evakuatsiya qilindi.

Eslatib o‘tamiz, bu hodisa kecha, 17:50 atrofida sodir bo‘ldi. Chilonzor yo‘nalishidagi poyezdlar cheklangan rejimida harakatlangan, ya'ni alohida tunnel uchastkalarida bitta yo‘nalish bo‘ylab. Shu kunning o‘zida barcha nosozliklar bartaraf etildi va bugundan barcha poyezdlar belgilangan harakat jadvaliga muvofiq harakatlana boshladi», – deyiladi metropoliten ma'muriyatining 29 aprel kungi axborotida.

Ma'lumot uchun, so‘nggi vaqtlarda Toshkent metrosida ketma-ket nosozlik ro‘y bera boshladi. So‘nggi hodisadan so‘ng Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi metropoliten faoliyati yuzasidan tekshiruv boshladi.

Mavzuga oid