Jahon | 16:44 / 05.05.2021
9142
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh demokratiyaga Xitoy va Rossiyadan ko‘ra ko‘proq xavf soladi – so‘rov natijasi

Respondentlarning 64 foizi "iqtisodiy notenglik"ni demokratiyaga nisbatan eng katta xavf deb hisoblaydi.

Foto: iStock

AQSh demokratiyaga Rossiya va Xitoydan ko‘ra ko‘proq xavf soladi. Fevral-aprel oylarida "Demokratiyalar alyansi"  (Alliance of Democracies Foundation) fondi buyurtmasiga ko‘ra o‘tkazilgan so‘rov natijalari ana shundan darak bermoqda, deb yozadi The Guardian.

So‘rovda 53 mamlakatda yashovchi 53 mingga yaqin kishi qatnashgan. Nashrning yozishicha, so‘rov ishtirokchilarining 44 foizi AQSh ularning mamlakatlaridagi demokratiyaga xavf solayotganidan tashvishda ekanligini bildirgan. Respondentlarning 38 foizi Xitoy va 28 foizi Rossiyadan xavotirda ekanligini aytgan.

So‘rov shuningdek, demokratik qadriyatlarni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatgan: respondentlarning 81 foizi o‘z mamlakatlarida demokratiya bo‘lishi muhimligini ta'kidlagan.

Respondentlarning 64 foizi "iqtisodiy notenglik"ni demokratiyaga nisbatan eng katta xavf deb hisoblaydi.

"Demokratiyalar alyansi" fondi notijorat tashkiloti bo‘lib, dunyoda demokratiya va erkin bozor o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Fond 2017 yilda NATO sobiq bosh kotibi va Daniyaning sobiq bosh vaziri Anders Fog Rasmussen hamda biznesmen Frits Shur va advokat Klaus Segaard tomonidan tashkil etilgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid