Jamiyat | 14:48 / 05.05.2021
1833
4 daqiqa o‘qiladi

Hokimlikning unut bo‘lgan va'dasi: Serharakatning suvga zor, yo‘lga muhtoj odamlari qismati

Kun.uz muxbiri tahririyatga kelib tushgan murojaatga asosan Surxondaryo viloyati Uzun tumanining Serharakat mahallasida bo‘ldi. U yerdagi odamlar bilan suhbatlashib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rgandi.

2017 yilda prezident tashabbusi bilan oilalarni kambag‘allikdan chiqarib, turmush sharoitini yaxshilash, uy-joyga muhtoj fuqarolarga yer ajratib berish harakati boshlangan edi.

Uzun tuman hokimligi ham ushbu tashabbusning ijrosini ta'minlash uchun Bobotog‘ etaklaridagi Serharakat mahallasidan 300dan oshiq kam ta'minlangan, uy-joyga muhtoj oilalarga 4 sotixdan yer ajratib berdi.

Ammo sharoitning og‘irligi, suv, yo‘l, maktabning yo‘qligi sabab 200dan oshiq oila Serharakatga ko‘chib kelmadi. 70ga yaqin oila esa suvsiz, yo‘lsiz dashtga majburlikdan ko‘chib kelib yashamoqda.

Aholining so‘zlariga ko‘ra, Uzun tuman hokimligi mas'ullari uy-joyga muhtoj oilalarni bu hududga ko‘chirib kelishdan oldin suv, yo‘l, maktab, bog‘cha kabi infratuzilma obektlari muammolarini bir yil ichida hal qilib berishga va'da qilgan. Ammo, oradan 5 yil ham o‘tibdiki, odamlarning yashashi uchun zarur bo‘lgan suv va yo‘l masalasi o‘z yechimini topgani yo‘q.

Aslida, bu xayrli ishdan ko‘zlangan maqsad — oilalarni hayotini yaxshilash, daromadini oshirish edi. Ammo bugungi kunda bu yerga ko‘chib kelgan oilalarning ahvoli avvalgidan-da og‘ir, oldingidan-da nochor. Aholi suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, qurilish qilish uchun 5 tonna suvni 70-80 ming so‘mga sotib olmoqda.

Pul topishga qiynalgan fuqarolar 2 km masofadan chelaklab suv tashiydi. Ekinlarni sug‘orish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Ko‘chib kelganiga besh yil bo‘lib qolgan odamlarning hovlisida ham soya bo‘larlik daraxt topilmaydi. Chunki nihollar suv tanqisligi sabab unib-o‘smaydi, jaziramada qurib, qovjirab qolaveradi. Aholi shunday bo‘lsa ham har yili yaxshi niyatlar bilan hovlisi, tomorqasi chetiga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishni kanda qilmaydi. Biroq tomorqadagi ekinlar allaqachon suvsizlikdan qurib, sarg‘aya boshlagan.

Mahallaning bu qismida yo‘lning o‘zi yo‘q. Mashinangizni kimningdir hovlisidan, kimningdir tomorqasidan boshqarib mahallani bemalol aylanib chiqsangiz bo‘ladi. Yo‘lga qadam bossangiz to‘pig‘ingizgacha tuproqqa botasiz. Qishda esa loy oralashga majbur bo‘lasiz.

Serharakat mahallasining bir qismida fuqarolar o‘zlari simyog‘och o‘rnatishgan. Ular ham yonboshlab yotibdi. Ba'zi katta kuchlanishli simyog‘ochlar namgarchilik sabab o‘zi yonib, o‘zi o‘chgan. Aholi bu holatdan tuman «Elektr tarmoqlari korxonasi» xodimlari xabardorligini, yonib ketgan, yonboshlagan simyog‘ochlarni ko‘rib, dalolatnomalar tuzib ketganini ta'kidlaydi.

Serharakat va Mustaqillik mahallalarini bog‘lovchi ko‘prik avvalgi yillarda kelgan sel toshqinlari sabab yemirilib boshlaganini kuzatdik. Yo‘llarni sel yuvib ketgan.

Odam qadami yetgan manzilga aslida fayz kiradi. Ammo bu manzilda yashovchi aholining ohi ham, zori ham hech qayerga yetib bormaydi.

Sirojiddin Mamajonov, Kun.uz muxbiri

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid