09:58 / 06.05.2021
2932

Urushda bedarak yo‘qolgan samarqandlik jangchining xoki qishlog‘iga dafn etildi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yashagan Boborahim Abdullayevning xoki urush tugagandan so‘ng 76 yil deganda o‘z qishlog‘iga olib kelingan. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 1922 yilda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Boborahim Abdullayev 1941 yil urushga ketgan. Urush tugagach, uning bedarak yo‘qolgani tasdiqlangan. Biroq 2020 yil oktabr oyida Rossiyadagi «Liniya fronta» qidiruv otryadi tomonidan Leningrad viloyati, Kirovsk tumani, Molodsovo qishlog‘i yaqinida Ikkinchi jahon urushida vafot etgan askarlarni qidiruv ishlari olib borilishi natijasida bir askarning jasadi qoldiqlari yonidan topilgan hujjati va medaloniga ko‘ra Boborahim Abdullayev ekani tasdiqlangan.

Sankt-Peterburg shahar tashqi aloqalar qo‘mitasi boshqarmasining ma'lumotlariga ko‘ra, Leningrad qamali paytida urushdan, sovuqdan va ochlikdan 420 ming nafar aholi, jumladan, 7 ming nafar o‘zbekistonlik askar vafot etgan va ular sharafiga Sankt-Peterburg shahridagi Pskarevskiy qabristonida yodgorlik o‘rnatilgan.

Ona vataniga keltirilgan o‘zbek o‘g‘lonining xoki Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi boshchiligida, Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi, faxriylar, yoshlar va marhumning yaqinlari ishtirokida o‘zi tug‘ilib o‘sgan Enam yaxshi qishlog‘ining qabristoniga musulmonlar udumiga ko‘ra qayta dafn etilgan.

Mavzuga oid
Top