Jamiyat | 21:51 / 06.05.2021
4729
2 daqiqa o‘qiladi

Uzun tumanida topilgan murdaning shaxsi va o‘lim sababiga oydinlik kiritildi

Bugun, 6 may kuni tongda Uzun tumani hududida noma'lum shaxs jasadi topilgan. Viloyat IIB axborot xizmati murdaning shaxsi haqidagi ma'lumotlar hamda o‘lim sabablarini ma'lum qildi va hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Uzun tumani markaziy shifoxonasining ma'lumotiga ko‘ra, bugun, 6 may kuni soat 5:45da, Sariosiyo tumanida yashovchi fuqaro M.R. tumanning O‘zbekiston mahallasi hududida vafot etgan.

Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, marhum yurak infarkt miokardi, bronxolnevmoniya, piyelonefrit, jigarda sirroz boshlanishi, alkogoldan zaharlanish oqibatida vafot etgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Uzun tumani markazidagi ko‘prik atrofidan noma'lum shaxsning murdasi topilgani to‘g‘risida tarqalgan xabarda noto‘g‘ri ma'lumot tarqatilgan. Shu kuni vafot etgan marhum M.R.ning shaxsi aniq bo‘lib, u surunkali kasalligi sabab to‘satdan vafot etgan.

Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga mazkur tarmoqlar orqali turli mavzudagi noto‘g‘ri ma'lumotlar ham tarqalayotganini ma'lum qilib, ulardan noxolis, noto‘g‘ri xabarlarga ishonmaslik hamda ortiqcha vahimaga berilmaslikni so‘raymiz», deyiladi munosabatda. 

Mavzuga oid