«Inglizzabon o‘qituvchilar kerak, bizda speaking va listening'da muammo bor» – zarbdorlik ingliz tili o‘qituvchisi bilan suhbat
Bugungi suhbatdoshimiz Sharofiddin Qarshiyev 1979 yil Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. 2000 yil Jizzax davlat pedagogika institutining xorijiy tillar fakultetini tamomlagan. U ayni damda Jizzax viloyati, Zarbdor tumanidagi 5-umumta’lim maktabining I toifali o‘qituvchisi. Qahramonimiz 2014 yil Xalq ta’limi a’lochisi ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Suhbat davomida pedagog hozirda chet tillarini o‘qitishga berilayotgan e’tibor haqida gapirib, o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.
– Xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha alohida qaror qabul qilindi. Buni qanday qabul qildingiz, o‘zingizni yangi talablarga tayyorman deb o‘ylaysizmi?
– 2012 yil 10 dekabrda ingliz tili darslari 1-sinfdan boshlab o‘tilishi haqidagi qaror qabul qilingandi. O‘shanda juda xursand bo‘lganmiz. O‘sha paytdagi 1-sinflar hozir 8-sinf bo‘ldi. Demak, yana 3 yilda natija aniq bo‘ladi, yutuqlar va kamchiliklar aniqlanadi. Bir fikr bor, masalan o‘quvchilar 1-sinfda o‘qishni, ya’ni alifboni o‘rganadi. Ingliz tili og‘zaki va o‘yinlar orqali o‘rgatiladi. 2-sinfda esa rus tili va ingliz tili o‘qitila boshlaydi, o‘quvchida biroz qiynaladi. Bizning maktabda qirg‘iz tilida ham ta’lim beriladi va bu sinflarda qirg‘iz, rus va ingliz tili o‘tiladi. Bola uchun bosimni tasavvur qilayapsizmi? Aynan mana shu jihatlarni o‘ylab ko‘rish kerak. Masalan, yozma ish yozganda lotin va kirill harflar aralashadi, ayniqsa qardosh sinflardagi o‘quvchilarning yozuvlarida.
Yangi qaror yaxshi natija beradi degan umiddaman. Olimlar va ustozlarimiz bu haqda o‘ylayotgandir. Maktabda ingliz tili faniga e’tibor juda yaxshi va o‘quvchilarning qiziqishlari ham juda shunga yarasha. Noutbuk, proyektor va magnitolalar, didaktik materiallar mavjud. Boshqa fanlarda bu vositalar yo‘q desa ham bo‘ladi. Shaxsan men yangi qaror talablariga tayyorman. Lekin o‘z tilingni bilmay turib, boshqa tilni o‘rganish ancha qiyin bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Biz osmonda lochindek tez uchadigan, yerda geparddek tez yuguradigan va suvda baliqdek tez va erkin suzadigan bo‘lishimiz kerakmi yoki o‘rdakka o‘xshab osmonda ozroq uchadigan, yerda sekin yuradigan va suv ostida ozroq vaqt suzadigan bo‘lishimiz kerakmi? Menimcha hammaga birinchisi ma’qul. Yangi qarorlar bizdan aynan shuni talab qilmoqda.
Iqtibos: Respublika bo‘ylab attestatsiyadan 49 foiz o‘qituvchi o‘ta olmaganidan juda afsusdaman. Attestatsiyada qatnashgan o‘qituvchilarning ko‘pchiligi test C1 darajada ekanini aytdi. Biz hali C1 darajaga bilimimiz yetadimi, shuni aniqlashimiz kerak.
– Bunday mazmundagi qarorlar oldin ham bor edi. Yangi qarorning afzal jihatlari nimada deb o‘ylaysiz?
– Har bir chet tili o‘qituvchisi o‘z fanini yaxshi bilishi shart. Writing – yozuv, reading – o‘qish bu muammo emas. Lekin listening – tinglab tushunish va speaking – gapirish, bu yerda muammo bor deb o‘ylayman. Kema suvga bormasa, cuv kemaga keladi deganidek, native speaker’lar (inglizzabonlar) kerakmi deyman. Rossiyadan o‘qituvchilar kelganidek, yana Peace korpusidan volontyor o‘qituvchilar kelsa, ko‘ngildagi ish bo‘lardi. Bir tumanga 2-3 nafar ko‘ngilli ingliz tili o‘qituvchilari kifoya qiladi. O‘quvchilar va o‘qituvchilar haqiqiy inglizzabonlar bilan doimiy ravishda muloqotda bo‘lib tursa, bu samara beradi. Chunki til bilishga umuman uquvi yo‘q odam ham xorijga borib majbur o‘rganib oladi-ku.
Xalqaro sertifikat olgan o‘quvchilar 3 yilda 10 barobar oshgan (700 dan 7 000 ga). O‘zbekistonda 10 000 dan ortiq maktab bor. Har yili bitta maktabdan bir o‘quvchi xalqaro sertifikat olsa, bir yilda 10 000 nafar bo‘ladi. Sertifikat 2 yil amal qiladi, menimcha. Jiyanim ham yaqinda IELTS oldi, eshitib xursand bo‘ldim. Maktabimizda ham IELTS olgan 3–4 nafar sobiq o‘quvchi bor. Ammo bu juda ham kam deb o‘ylayman.
Respublika bo‘ylab attestatsiyadan 49 foiz o‘qituvchi o‘ta olmaganidan juda afsusdaman. Ular orasida men ham bor edim va bu bizga saboq bo‘lib, o‘zimiz ustimizda ishlashimiz kerak. Attestatsiyada testlar C1 darajada edi. Biz hali C1 darajaga bilimimiz yetadimi, shuni aniqlashimiz kerak. Shu o‘rinda bir mulohaza: agar siz maktab rahbari bo‘lganingizda, bilimi kuchli C1 darajasi bor o‘qituvchini olarmidingiz yoki B2 darajadagi, lekin kuchli malakali ustozni tanlarmidingiz?
Yangi talablar ichidan menga eng yoqqani avval til bilish shunchaki xohish ekanligi aytilgan bo‘lsa, endi qat’iy ehtiyojligi bildirilmoqda. Xususan, ishga kirish, o‘qishni bitirishda til bilish muhim talab sifatida qo‘yilayotgani ayni muddao bo‘ldi.
– Maoshingiz qancha, u yetarlimi va sir bo‘lmasa repetitorlikning daromadingizdagi hissasi qanaqa?
– Maoshim yomon emas – 3 mln so‘m atrofida. Biz nisbatan chekka hududda yashaymiz, aholi asosan qishloq xo‘jaligi, chorva bilan shug‘ullanadi. Repititorlik uchun xalqda ortiqcha pul ko‘p emas. Aniqrog‘i ota-onalar bolasining bilim olishi uchun ko‘p pul sarflashga odatlanmagan. Bizning sharoitda ham ko‘pchilik bolasi ta’lim olishini hohlaydi, lekin imkoni yo‘q. O‘zim ham ish bilan birga dehqonchilik qilaman, mol boqaman. Besh o‘g‘lim, bir qizim bor. Ularning taqdiri birinchi navbatda meni o‘ylantiradi. Yangi o‘zgarishlar farzandlarim qatorida butun O‘zbekiston bolalariga taalluqli bo‘lishidan umidvorman.
– Qishloq sharoitida bolalarning tilga qiziqishidan qoniqasizmi? Axir qarorlar mohiyati ham shunga taqaladi.
– Menda shunday imkoniyat bo‘lganida, fleshkada ma’lumotni kompyuterga solganimizdek, o‘quvchilarning xotirasiga joylab qo‘yardim. Ammo buning iloji yo‘q. Xulosa shuki, avvalo o‘quvchining o‘zi harakat qilishi kerak. 5-7-sinfgacha o‘quvchilar yaxshi o‘qiyapti, yuqori sinflarda esa a’lochi o‘quvchilar soni borgan sari kamayib ketyapti. Agar o‘quvchi 3 mingta inglizcha so‘z bilsa, u bu tilni tushuna boshlaydi. Agar 7-8 mingta so‘z bilsa, o‘quvchi bemalol ingliz tilida gaplasha oladi. Ammo bolalarimiz ingliz tilini yaxshi bilgani bilan, deylik tarix va ona tilidan bilim darajasi bo‘yicha shahar o‘quvchilaridan ortda qolishyapti. Lekin shaharlik o‘quvchi pedagogika institutiga deyarli hujjat topshirmaydi. Demak qishloq o‘quvchisi pedagogika institutiga o‘qishga kira oladi. Bu esa o‘z hududida ish bilan ta’minlanish demakdir. Xohlardimki, o‘quvchilarim bu bilan cheklanib qolishmasin, oldilariga kattaroq marralar qo‘yishsin.
–Ta’lim tizimidagi bitta muammoni bartaraf qilish imkoningiz bo‘lganida, nima qilgan bo‘lardingiz?
– 9-«A», «B» sinflarda 55–60 nafar o‘quvchi bo‘lsa, ikkala sinfda nari borsa 10 nafar o‘quvchi bilim olishga chanqoq, a’lochi. A’lochi o‘quvchilar shaharlarga akademik litseyga o‘qish uchun ketadi. Qolgan o‘quvchilar bilan ishlaymiz va 10-11 sinfda 7-8 o‘quvchi talabga javob beradi. Biz oliy o‘quv yurtiga bu o‘quvchilarni kiritishimiz kerak. Bu zamon talabi, aks holda maktabimiz qizil hududdagi maktablar sirasiga kiritiladi. IELTS olish o‘quvchi qancha to‘lov qilishi kerak? Qishloqda buning iloji bormi? Bu savollar ham dolzarb, ammo shukrki yechimini topmoqda.
Saralash va raqobat muhitini yaratishning vaqti keldi, deb o‘ylayman. Masalan, «A» sinf elita sinf, faqat a’lochi o‘quvchilar o‘qishadi, «B» sinfdan a’lochilar test orqali «A» sinfga o‘tishlari mumkin. «A» sinfda ham belgilangan vaqtlarda test olinadi va o‘zlashtira olmaganlar «B» sinfga tushirilishi mumkin. Shu bilan birga, «A» elita sinf ustozlari ham tanlandi. Nazarimda mana shu usul 3 yildayoq natija beradi, o‘quvchi shaharga ketmaydi, chunki darsdan qoniqadi. Mana sizga qishloqda repititorlikning boshlanishi.
Abror Zohidov suhbatlashdi
Mavzuga oid
15:18 / 13.11.2024
O‘zbekiston ingliz tili savodxonligi reytingida 98-o‘ringa tushdi
12:07 / 23.10.2024
“Katta natijalarga erishish mumkinligini qizlarimga isbotlash uchun IELTS’dan maksimal ball olishga harakat qildim” - IELTS’dan 9 ball olgan ilk o‘zbekistonlik ayol
18:52 / 13.08.2024
“Talabalarim oldida uyalib qolmaslik uchun til o‘rgandim” – 67 yoshida ingliz tilidan B2 darajasini olgan otaxon
20:56 / 26.06.2024