O‘rta Chirchiqdagi mantiqsiz yo‘l kesishmasi. Muammo 6 yildan beri hal bo‘lmayapti
Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi «Qumovul» QFY hududida mantiqsiz va nihoyatda xavfli yo‘l kesishmasi bor.
Bu yo‘l birinchi prezident Islom Karimovning 2015 yilgi prezidentlik saylovlari oldidan viloyat faollari bilan uchrashuvga tashrifi uchun juda qisqa muddat ichida, shoshmashosharlik bilan ta’mirlangan. O‘sha vaqtda vaqtincha o‘zgartirilgan harakatlanish tartibi shundayligicha qolib ketgan.
Bu ko‘chadagi harakatlanish tartibining noqulayligi shundaki, Qumovul mahallasida o‘ttizdan oshiq xonadon mavjud Furqat ko‘chasi aholisi o‘z mashinalarida ko‘chaga chiqsalar, ortga qaytganlarida o‘n qadamlik yo‘l bo‘la turib, uylariga qariyb 2 kilometrlik masofadan aylanib keladilar.
Harakat tartibining xavfliligi shundaki, mantiqsizlikka murosa qilgisi kelmagan fuqarolar aksariyat hollarda 2 kilometrlik aylanishni emas, o‘n qadamlik xavfni tanlab qo‘ya qoladilar. Va faqat bitta avtomashina sig‘adigan o‘sha o‘n qadamlik yo‘lga qarama-qarshi yo‘l soladilar.
Buning yanada xavfliligi shundaki, o‘z yo‘nalishida to‘g‘ri harakatlanib kelayotgan avtomashina yo‘lning yarim aylana shaklda ekani sabab qoidani buzib yo‘nalishga qarama-qarshi kirib kelgan mashinani payqamay qolishi mumkin.
Aksariyat hollarda bu kabi urinishlar oqibatlari ayanchli bo‘lgan avariyalar bilan yakun topadi. Fuqarolarning aytishiga qaraganda, har oyda deyarli 2 marta turli xil YTHlar sodir bo‘lib turar ekan.
Yo‘lni ihotalab turgan beton to‘siqlar va yo‘l bo‘lgisiga yetgan shikast bu gaplar haqiqat ekanidan dalolat berib turibdi.
Tasvirga olish jarayonida guvohi bo‘ldikki, muammoning yechimi juda oddiy: yo‘l o‘rtasida turgan beton to‘siq (bordyur)larning atigi 2 donasini olib tashlash va 1 dona yo‘l bo‘lgisi o‘rnatish kifoya.
Ammo mana 6 yildirki, muammoni tanasida xis qilib yashayotgan Furqat ko‘chasi fuqarolarining o‘nlab murojaatlarga bitilgan ohlari kerakli idoralarga yetib borganicha yo‘q.
Aholi hamon umid bilan mas’ul idoralarning amaliy harakatlarini kutib yashamoqda.
Rasmiy idoralardan mavjud vaziyatni jiddiy nazoratga olishlarini so‘rab qolamiz.
Mavzuga oid
15:00 / 06.09.2023
Samarqandda xalqaro konferensiya munosabati bilan ayrim yo‘llar harakat uchun yopiladi
17:17 / 24.08.2023
Yo‘llarni 822 mlrd so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgan - Senat
09:22 / 25.07.2023
Yaponiya O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi sohasida yangi loyihani amalga oshirishi mumkin
13:58 / 20.07.2023