O‘zbekiston | 12:28 / 12.08.2025
12643
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida yangi aeroport uchun joy qidirilmoqda

1200 gektarlik aeroport uchun O‘rta Chirchiq tumani hududi tanlanishi mumkin, deya ma’lum qildi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev. Kun.uz manbasiga ko‘ra, bundan oldin Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari hududlari ham variant sifatida ko‘rib chiqilgan.

Foto: Uzbekistan Airports

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev 11 avgust kungi “hokimlik soati”da yangi temiryo‘l va aeroport qurilishi haqida gapirib o‘tdi.

“Bekobod shahar, Bekobod tuman, Bo‘ka, Piskent, Nurafshon orqali Toshkent shahriga temiryo‘l loyihasi kiritilib, loyihalashtirib, yanagi yil boshla degan topshiriq ketayotgan bo‘lsa, O‘rta Chirchiq tumaniga 1200 gektar aeroport kelib joylashsa, yana nima qilib berilishi kerak davlat tomonidan, aytinglar-chi?”dedi Mirzayev.

Toshkent shahri uchun yangi aeroport qurilishi haqida 1 avgust kuni transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qilgan edi.

“Tanlangan yer maydoni Toshkent shahridagi mavjud aeroportdan 17 km uzoqlikda, Toshkent shahriga nisbatan janubda. Toshkentni Samarqand bilan bog‘laydigan mavjud avtomobil yo‘liga uzoq bo‘lmagan joyda qurilishi rejalashtirilgan”,degandi vazir.

Ilhom Mahkamovning bu gaplaridan yangi aeroport Yangiyo‘l tumani hududida bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlar paydo bo‘lgandi.

Kun.uz'ning Toshkent viloyati hokimligidagi manbasiga ko‘ra, aeroport qayerda joylashishi borasida hali yakuniy qarorga kelinmagan.

Xususan, avvaliga Yangiyo‘l, keyin Ohangaron variantlari kun tartibida bo‘lgan, shundan so‘ng hozirda O‘rta Chirchiq varianti ham ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentga aviayo‘lovchilar oqimi 2030 yilga borib 15 millionga yetishi, lekin bunga hozirgi aeroportning quvvati yetmasligi aytilmoqda. Aeroport shahar ichida joylashgani sabab uni kengaytirishning iloji yo‘q.

Ayni paytda Toshkent shahri bilan Yangi Toshkent oralig‘ida “Toshkent-Sharqiy” aeroporti ham qurilyapti. Iyun oyida davlat rahbari qurilish ishlarini borib ko‘rgan, o‘shanda Uzbekistan Airways raisi Shuhrat Xudoyqulov yangi aeroport tez orada ochilishini aytgandi. Shundan keyin barcha charter reyslar shu aeroportga ko‘chirilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, 1990-yillarda poytaxt uchun yangi aeroportni Toshkent viloyati Chinoz tumani hududida qurish rejalari ham bo‘lgan.

Mavzuga oid