Jahon | 23:50 / 12.05.2021
28975
2 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda Isroil zarbasidan keyin yana bir baland bino qulab tushdi

G‘azo shahrida Isroilning raketa zarbasidan keyin 16 qavatli bino qulab tushdi. 11 may kuni ham xuddi shunday hujum oqibatida 13 qavatli bino vayron bo‘lgandi.

Foto: AFP

Burj ash-Shuruk deb nomlangan binoga hujum oqibatida kamida 3 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Vayron bo‘lgan binoda bir qator telekanallar va axborot nashrlari, kompaniyalar, do‘kon va apartamentlar joylashgan bo‘lgan.

Bino dastlab bir nechta raketa tekkandan keyin qisman vayron bo‘lgan. Uning bir seksiyasi beshikast qolgan. Ammo u ham 15 daqiqadan keyin amalga oshirilgan ikkinchi bombardimondan keyin qulab tushgan.

Falastin OAVning xabar berishicha, Isroil mahalliy aholini binoga hujum qilinishidan ogohlantirgan. Shu sababli binodagi va yaqin atrofdagi odamlarni tezkorlik bilan evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘lingan.

Ta'kidlash joiz, bu Isroil zarbasidan keyin 24 soat ichida G‘azoda qulab tushgan uchinchi bino bo‘ldi. 11 may kuni Isroil aviatsiyasi havo zarbasidan keyin 13 qavatli Burj-Hanadi va 8 qavatli Burj al-Javhara binolari qulab tushgan. Burj al-Javharada G‘azo sektorining ommaviy axborot vositalari va «Al-Mamlaka» telekanali ofisi hamda kvartiralar joylashgan bo‘lgan. Binolardagi barcha odamlar Isroil ogohlantirishidan keyin tezkorlik bilan evakuatsiya qilingan.

22 aprelda Quddusning eski shahrida Isroil harbiylari va falastinliklar o‘rtasida yangi to‘qnashuvlar boshlangandi. Bunga Isroil sudining eski shahardagi Shayx Jarroh dahasidan bir necha falastinlik oilani chiqarib yuborish qarori sabab bo‘lgan.

10 maydan to‘qnashuvlar davom etib, tomonlar bir-biriga raketalar bilan zarba bermoqda.

Mavzuga oid