Jahon | 23:23 / 12.05.2021
3482
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada vaksinani navbatsiz olish uchun hujjatlarni soxtalashtirish holatlari ko‘paymoqda

Nemis OAVda ta'kidlanishicha, koronavirusga qarshi vaksinani navbatsiz olishni istovchi germaniyaliklar tomonidan hujjatlarni soxtalashtirish bilan bog‘liq minglab holatlar uchramoqda.

Foto: DPA

Der Spiegel nashrining xabar berishicha, Hamburgdagi emlash markazida Germaniya federal yerlari orasida rekord sonda – bir haftada 2 mingta bunday qoidabuzarlik qayd qilingan. Myunxenda shu vaqt ichida hujjatlarni soxtalashtirish bilan bog‘liq 350ta, Saar federal yerining ma'muriy markazi – Saarbryukkenda esa 140ta holat aniqlangan. Gap koronavirusga qarshi vaksinani ustuvor tarzda olish maqsadida soxta ma'lumotnomalarni taqdim qilayotganlar haqida bormoqda.

 Ayni vaqtda Germaniyada 60 yoshdan kattalar, homilador ayollar, surunkali kasalliklari bor kishilar va ularga qarovchi shaxslar vaksina olishda ustuvor huquqqa ega. Shu bilan birga, «koronavirusga qarshi emlanganlik» maqomi bir qator imtiyozlarni beradi: emlanganlarga jamoat joylariga erkin borish, komendantlik soati vaqtida harakatlanishga ruxsat beriladi. «Vaksinani navbatsiz olishni istovchilarning ko‘pligi aynan shu bilan tushuntiriladi. Biroq vaksina toki taqchil ekan, biz tartib-qoidaga rioya qilishimiz lozim», deb aytgan Kyolndagi emlash markazi rahbari Yurgen Tsastrou.

Hozircha mamlakatda bunday firibgarliklar hattoki jarima bilan ham jazolanmayapti, biroq bu borada qonunchilikni qat'iylashtirishga chaqiriqlar yangray boshlagan.

Ta'kidlanishicha, Germaniyada emlash sur'atlari pastligi va vaksina olish uchun oylab kutishga to‘g‘ri kelishi nemislarni ham qonuniy, ham qing‘ir yo‘llar bilan buning chorasini topishga undamoqda. Ma'lum qilinishicha, ularning ba'zilari vaksina olish uchun boshqa davlatlarga «safar uyushtirmoqda».

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid