Jahon | 22:06 / 19.05.2021
6955
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat dumasi Rossiyaning «Ochiq osmon» shartnomasidan chiqishini qo‘llab-quvvatladi

Davlat dumasi deputatlari Rossiyaning «Ochiq osmon» shartnomasidan chiqishini qo‘llab-quvvatlashdi. Tegishli hujjat Rossiya parlamentiga prezident Vladimir Putin tomonidan ovoz berish uchun kiritilgandi.

Shartnoma 1992 yil 24 martda Xelsinkida imzolangan va Rossiya tomonidan 2001 yil 26 mayda ratifikatsiya qilingan. U shartnomaga a'zo davlatlarga bir-birlarining hududi ustidan belgilangan kvotalar bo‘yicha kuzatuv parvozlarini amalga oshirish imkonini beradi. Hujjatda bunday parvozlarni amalga oshirish tartib-qoidalari, kuzatuv samolyotlariga bo‘lgan talablar, kuzatuv qurilmalari tarkibi va texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha cheklovlar, shartnomaga amal qilinishi ortidan kuzatish mexanizmlari belgilab qo‘yilgan. 

Avvalroq AQSh Rossiya tomonidan shartnoma buzilayotgani vaji ostida kelishuvdan chiqish jarayonini boshlagandi. Moskva o‘z navbatida AQSh va shartnomaga a'zo bir qator davlatlarga o‘z e'tirozini bildirgan. Rossiya shartnomadan chiqishga tayyorlanayotganini joriy yanvarda ma'lum qilgan.   

Rossiya AQSh shartnomadan chiqqandan keyin unda NATOga a'zo davlatlar qolishi, bu esa Vashingtonga ulardan axborot olish imkonini berishi, biroq Rossiyaga AQSh hududi ustidan nazoratni amalga oshirish taqiqlanishini aytgan. 

Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin Rossiya har doim xalqaro kelishuvlarning o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillari asosida saqlanishini qo‘llab-quvvatlashi, biroq milliy xavfsizlikni xavf ostiga qo‘ya olmasligini aytgan. «AQShga ittifoqdosh davlatlar samolyotlari mamlakatimiz ustidan uchib, monitoring olib borsa, unda qanday xavfsizlik haqida gap borishi mumkin?» — deb aytgan Volodin.

Endi shartnoma Rossiya parlamentining yuqori palatasi – Federatsiya kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid