O‘zbekiston | 12:05 / 20.05.2021
13808
4 daqiqa o‘qiladi

«Mintaqada zo‘ravonlik va shafqatsizlikka yo‘l qo‘ymaslik juda muhim» - O‘zbekiston musulmonlari idorasi Falastin–Isroil mojarosiga munosabat bildirdi

Bir necha haftadan buyon Isroil va Falastin o‘rtasida davom etayotgan mojaro yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy munosabat bildirdi.

«Shu kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sharqiy Quddusdagi mo‘min-musulmonlar uchun eng tabarruk mintaqada notinchliklar davom etayotganidan jiddiy tashvishdadir.

Jahon hamjamiyati Falastin–Isroil muammosi xalqaro huquq normalariga muvofiq, tinch yo‘l bilan hal etilishi zarurligini bot-bot ta'kidlamoqda. Zero, Islom dini, avvalo, tinchlik va do‘stlikka, ahillik va birdamlikka hamda bag‘rikenglikka da'vat etadi.

Al-Aqso masjidi Islom dini manbalarida keltirilgan uch muqaddas masjiddan biridir. Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Ulovlar faqat uchta masjid tomongagina jihozlanadi: Masjidi Harom, mening ushbu masjidim va Masjidi Aqso».

Quddus shahrida joylashgan muqaddas makon – Masjidi Aqso yoxud Baytul Maqdis Makkadagi Masjidul Haromdan keyin qurilgan eng qadimgi masjid. Ushbu tabarruk maskanlar mo‘min-musulmonlar uchun doimo aziz-u mukarramdir.

Manbalarda qayd etilishiga ko‘ra, uni Odam alayhissalom barpo etgan. Zamonlar o‘tib esa Ibrohim alayhissalom uni qayta tiklagan. Keyin Ishoq va Yoqub alayhissalomlar unga mas'ul bo‘ldilar. So‘ng Sulaymon alayhissalom tomonidan masjid yangidan qad rostlab hozirgi ko‘rinishga keldi.

Demak, Masjidul Aqso Islom dinining shior makonlaridan biri, ikki qiblaning birinchisi, uchta asosiy masjidlar sirasidan, musulmonlarga tegishli muborak maskan. O‘z navbatida, ushbu mintaqada boshqa din vakillari uchun ham tabarruk hisoblangan ziyoratgohlar mavjud.

Shunday ekan, mintaqada zo‘ravonlik, jabr-u sitamga chek qo‘yilishi hamda bundan buyon shafqatsizlik va qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik juda ham muhim hisoblanadi.

Zero, Islom dini insonlarga ozor berishdan qaytaradi. Nafaqat inson zotiga, balki chumoliga ham ozor berish, hattoki aziyat beruvchi biror so‘z aytishdan ham qaytaradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi hozirgi qaltis vaziyatda davlatlar, millatlar va elatlar o‘rtasidagi nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish eng to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblaydi. Ayni vaqtda mo‘min-musulmonlarni mavjud voqelikni Quddusdagi vaziyat bilan bog‘lagan holda noo‘rin bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishga, noto‘g‘ri xatti-harakatlarga da'vat qilayotgan fitnalardan ehtiyot bo‘lishga chaqiramiz.

Ta'kidlash joizki, Sharqiy Quddusdagi notinch vaziyat barchamizning dillarimizni og‘ritdi, ruhoniyatimizni mahzun qildi. Bunday paytlarda mo‘minning mo‘mindagi haqqi duo qilishdir. Zero, duo najot va qalqondir. Yaratgan Parvardigordan iltijo qilib so‘raymizki, butun dunyo, xususan, musulmon olamida tinchlik va ofiyatni barqaror etsin, Yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmonlarga omonlik, nusrat va qalblariga sakinat ato etsin», – deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, Falastin va Isroil o‘rtasidagi raketa otishmalari 10 maydan buyon davom etmoqda. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Isroil tomondan kamida 10 kishi halok bo‘lgan, yuzlab kishilar jarohatlangan. Falastin tomoni 200dan ortiq kishi halok bo‘lgani va 6 mingga yaqin kishi yaralanganini ma'lum qildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid