Jahon | 09:21 / 20.05.2021
12077
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya temir yo‘l qurilishiga O‘zbekistondan ishchi kuchi jalb qiladi

Rossiyada temir yo‘l infratuzilmasi obektlarini qurishga O‘zbekistondan ishchi kuchi jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, «Rossiya temir yo‘llari» OAJ boshqaruvi raisi – bosh direktori Oleg Belozerov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki davlat o‘rtasidagi transport va logistika hamkorligi masalalari hamda transport infratuzilmasini qurish bo‘yicha yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, epidemiologik vaziyat yaxshilanishi bilan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida muntazam yo‘lovchi temir yo‘l qatnovini bosqichma-bosqich qayta tiklashga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish borasida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, uchrashuvda Rossiya hududida temiryo‘l infratuzilmasi obektlarini qurish uchun O‘zbekistondan malakali kadrlarni jalb etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Shu munosabat bilan, «Rossiya temir yo‘llari» OAJ va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘rtasida Rossiya Federatsiyasi hududida temir yo‘l infratuzilmasi obektlarini qurish uchun O‘zbekistonning malakali mehnat resurslarini jalb qilishni tashkil etishga ko‘maklashish to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid