23:12 / 26.05.2021
7076

Suriya prezidenti saylovlari davomat yuqoriligi sabab 5 soatga uzaytirildi

Suriyada 26 may kuni o‘tayotgan prezident saylovlarida davomat yuqoriligi sababli ularni yana 5 soatga uzaytirishga qaror qilindi. 

Saylovlar munosabati bilan mamlakatda ochilgan 12 mingdan ko‘proq saylov uchastkasi soat 7dan 19gacha ishlashi kerak edi. Endi esa ular yarim tungacha ochiq qoladi.

Fuqarolar uch nomzoddan biriga ovoz berishlari mumkin bo‘ladi. Ular orasida amaldagi prezident Bashar Asad, muxolifatchi Mahmud Ahmad Mariy va sobiq vazir Abdulla Sallum Abdulla bor.

Suriya xalq kengashi matbuot xizmati rahbari Naji Ubaydning ta'kidlashicha, soat 17ga kelib ko‘plab saylov uchastkalarida ovoz berish urnalari to‘lib ketgan va shu sababli u yerga qo‘shimcha urnalar jo‘natilgan.

Avvalroq Suriya prezidenti Bashar Asad va uning rafiqasi Asma Asad saylovlarda ovoz berishgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, saylovlar hech qanday ko‘ngilsizliklarsiz o‘tmoqda.

Oxirgi kunlarda Suriya poytaxti Damashqda va mamlakatning boshqa shaharlarida milliy birdamlik qo‘llab-quvvatloviga namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Namoyishlar tashkilotchilari fuqarolarni saylovlarda faol ishtirok etishga chaqirishgan.

Suriyada 2014 yilda o‘tgan oxirgi prezident saylovlari mamlakatni 2000 yildan boshqarib kelayotgan Bashar Asadning navbatdagi g‘alabasi bilan yakunlangandi. Unga saylovchilarning 88,7 foizi o‘z ovozini bergandi.

Top