O‘zbekiston | 17:49 / 27.05.2021
2617
8 daqiqa o‘qiladi

Hududlarning biznes reytingi: qozonda bori cho‘michga chiqadi

2020 yil yakunlariga ko‘ra, biznes reytingda birinchi uchlikda Toshkent shahri, Namangan va Navoiy viloyatlari bo‘lsa, oxirgi o‘rinlarda Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari joy oldi. Adliya vazirligi mas'ul xodimi Xudoyor Meliyev ushbu maqolasida shu haqda so‘z yuritadi.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha islohotlar amalga oshirilmoqda. Shular qatorida, Adliya vazirligi ham tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratish va mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Xususan, biznesni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibotlari soddalashtirildi: tadbirkorlik sub'yektini 30 daqiqada ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati joriy etildi.

Bundan tashqari, o‘tgan yili litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari soddalashtirildi: 70 turdagi faoliyat uchun litsenziya, 34 turdagi ruxsatnomalar bekor qilindi, jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish uchun «Lisenziya» axborot tizimi ishga tushirildi.

Tadbirkorlarga huquqiy axborotlarni sodda va bepul yetkazish maqsadida «Advice for business» huquqiy portali yaratildi.

Amalga oshirilgan islohotlar ko‘lami ortishi bilan bir qatorda, ularning hayotga to‘liq joriy etilayotganini aniqlash masalasi kun tartibiga chiqdi. Shu sababli ham Adliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashabbusi bilan Oliy sud, Markaziy bank, Davlat soliq qo‘mitasi kabi bir qator idoralar bilan hamkorlikda hududlarda tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasini baholash tartibi 2020 yildan joriy etildi.

Baholash metodologiyasini ishlab chiqishda xalqaro «Doing business» reytingining mezonlari tahlil qilindi, chet ellik ekspertlar bilan hamkorlik qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining yetuk mutaxassislari bilan birgalikda ishlandi.

Baholash inson omili aralashuvisiz tegishli idoralarning kiritgan ma'lumotlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi so‘rovlar asosida «Business indicator» axborot tizimi (b-indicator.uz) orqali amalga oshirilib kelinmoqda.

Shuni ta'kidlash lozimki, baholash natijasida hududlarning biznes reytingi tuzib kelinmoqda. E'lon qilinib borilayotgan baholash
(2019 va 2020 yil yakunlari bo‘yicha) «qozonda bori cho‘michga chiqqani»ni ko‘rsatdi.

Xususan, 2019 va 2020 yil baholash natijasida tadbirkorlik sohasidagi salbiy va ijobiy tendensiyalar ko‘zga tashlandi. 2020 yilda bir qator masalalarda tushish holati kuzatildi. Masalan, bo‘sh turgan binolar va yerlardan tadbirkorlik maqsadida foydalanish qariyb 6 foizga, tadbirkorlardan soliq tushumi 8 foizga (har bir tadbirkordan 3 mln so‘m kam), shuningdek tadbirkorlik uchun kreditlar ajratilishi, tadbirkorlarning mahsulot ishlab chiqarish hajmlari 2019 yilga nisbatan kamaydi.

Bundan tashqari, 2019 yilga nisbatan tadbirkorlarning davlat oldidagi qarzi 3 baravarga ortib ketdi. Har 100 nafar tadbirkorning 15 tasi o‘z huquqlarini himoya qilish uchun shikoyat qilgan va bu 2019 yilga nisbatan 2,5 baravar ko‘p degani.

Yana salbiy tendetsiyalar: har ikki tadbirkorning birida bankdagi hisob raqami xatlandi, faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan tadbirkorlar 2019 yilga qaraganda 2,5 baravarga ortdi.

Shu kabi salbiy o‘zgarishlarda koronavirus pandemiyasining «qo‘li bor» desak ham bo‘ladi. Pandemiya barchani uning o‘yin qoidalari asosida harakat qilishga majbur qildi.

Buni qarangki, koronavirus pandemiyasining ijobiy ta'sirlari ham bo‘ldi. Ijobiy o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan emas, balki davlat rahbarining tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hujjatlari, xususan, mulk daxlsizligini kuchaytirishga oid 2019 yil 13 avgustdagi PF–5780-son farmoni, shuningdek, koronavirus pandemiyasi davrida uning oqibatlarini yumshatiga qaratilgan 2020 yil 27 apreldagi PF–5986-son hamda 18 maydagi PF–5996-son farmonlarining qabul qilinishi va ijrosi bunda muhim ahamiyat kasb etdi.

Natijada, tadbirkorlarning mulk daxlsizligi (oxirgi yillarda eng bolzard bo‘layotgan masala) ancha yaxshilandi. 2019 yilda bo‘lgan buzilishlar 2020 yilga kelib 13 baravarga kamaydi. Tadbirkorlar ishtirokidagi sud nizolari 41 foizga pasaydi, tadbirkorlarni tekshirishlar bilan bezovta qilish holatlari deyarli 5 mingtaga kamaydi.

Pandemiya davrida kredit qarzdorligini to‘lay olmayotgan tadbirkorlarga subsidiyalar berish 3 baravarga ortdi.

Pandemiya ta'sirisiz ijobiy o‘zgarishlar ham yo‘q emas. Jumladan, uzluksiz faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar 33 foizga, tadbirkorlarning aholi jon boshiga nisbatan soni 7 foizga (ularning soni 870 mingga yaqinlashdi) oshdi.

Viloyatlarda tadbirkorlik sohasida ijobiy siljishlari bo‘layotgani bilan bir qatorda, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratishda hali hal etilmagan masalalar borligini eslatib qo‘ydi. Amalga oshirilgan ishlarimizga mahliyo bo‘lmasdan, oldimizda turgan yangi-yangi chaqiriqlarni qabul qilish va ularni hal etishga bel bog‘lashimiz kerak.

Aholi bandligi, tadbirkorlarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchi, kreditlar ajratilishi, tadbirkorlarning infratuzilmalar bilan ta'minlangani va hokazo... Bu ro‘yxatni hali davom ettirish mumkin.

Ushbu masalalarda hali inqilobiy o‘zgarishlarni qildik deb aytsak mubolag‘a bo‘lishi turgan gap! Shuning uchun mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha viloyatdagi mutasaddi idoralarga tegishli tavsiyalar berilmoqda, qonunchilikdagi mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Eng muhimi, qo‘limizda endi beminnat yordamchi bor: tadbirkorlik sohasidagi asosiy muammolarni xuddi teatr sahnasi ortida turib yo‘nalish beruvchi – «suflyor» vazifasini bajaruvchi «Business indicator» axborot tizimi.

Tizimning imkoniyatlaridan foydalanish oldimizda turgan ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan muammolarni aniqlashga imkon beradi. Bu har bir hudud uchun o‘zining tadbirkorlikni rivojlantirishdagi sa'y-harakatlari natijasi aks etadigan misoli ko‘zgudir. Aytarli ishlarni amalga oshirmagan hududlarning natijasi yaxshi bo‘lmasligi aniq, shu natijani har bir mutasaddi idoralar qabul qila olish kerak.

Tizim ko‘rsatib bergan holatlarda o‘zimizni oqlashga, undagi ayrim holatlarning o‘zimizcha to‘g‘ri deb hisoblayotgan «dogma»larga mos kelmayotganini isbotlash kerak emas. Undan ko‘ra, ko‘tarilgan muammolarni hal etish uchun haqiqatan ish boshlashimiz kerak.

Baholash yakunlari bo‘yicha mutasaddi idoralar bahonalar izlagandan ko‘ra, yaqinlashib kelayotgan 2021 yilning 1-yarim yilligida o‘tkaziladigan baholashda o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshilash choralarini ko‘rishi maqsadga muvofiq.

Kimlar tadbirkorlikni rivojlantirish uchun tizimda ko‘rsatilgan muammolarni bir qadar yechishsa, baholash yakunlarida uning natijasini ko‘rishadi. E'tiborli jihati shundaki, yaxshi ko‘rsatkich qayd etganlar rag‘batlantiriladi, aksincha salbiy ko‘rsatkich aniqlangan hududlardagi mutasaddilarga chora ko‘riladi.

Kim qanday ishlarni amalga oshirgani, ijobiy o‘zgarishlar qilgani yoki qo‘l qovushtirish o‘tirganini 2021 yilning birinchi yarim yilligi yakunlarida bilamiz.

Xudoyor Meliyev,
Adliya vazirligi ma'sul xodimi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid