Jamiyat | 21:43 / 27.05.2021
20191
2 daqiqa o‘qiladi

To‘rtta viloyatdagi manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Davlat xaridlari masalasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'lumotlar yuzasidan Andijon, Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov ma'lum qildi.

«O‘rganish natijalariga ko‘ra, to‘rtta viloyatda ham davlat xaridlari, tenderlar va manfaatlar to‘qnashuvi kabi qonun buzilish holatlari aniqlangan. Bular bo‘yicha 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ishlar to‘xtab qolmagan, tergov harakatlari ma'lum bir vaqtni talab qiladi. Biz tergov harakatlariga aralashishga vakolatimiz yo‘q, yakunlangach natijasi haqida albatta batafsil ma'lumot beriladi.

Bizning qonunchiligimizda davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan bo‘lsa-da, bunga javobgarlik va mas'uliyat masalasi ochiq qolgan. Shuning uchun, agentligimiz tomonidan qonun darajasida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga soluvchi normativ hujjat va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani uchun davlat xizmatchilarining javobgarligini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

O‘ylaymanki, yaqin kunlarda bu loyiha ham jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Shundan so‘ng biz ko‘p narsani oldini olishimiz mumkin», – dedi Akmal Burhonov 26 may kungi matbuot anjumanida.

Davlat buyurtmalari va manfaatlar to‘qnashuviga oid voqealar rivoji bilan Kun.uz'ning ushbu bo‘limida tanishishingiz mumkin.

Mavzuga oid