O‘zbekiston | 13:20 / 27.05.2021
6082
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent – Tel-Aviv aviaqatnovi qayta tiklandi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston va Isroilda epidemiologik vaziyat hamda rejali qayta tiklanishni hisobga olgan holda, Toshkent-Tel-Aviv-Toshkent qatnovi qayta tiklandi

“Uzbekistan Airways” xabariga ko‘ra, Toshkent-Tel-Aviv-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvoz 2021 yil 24 may kuni amalga oshirildi. 

Muntazam aviaqatnov haftada bir marta, dushanba kuni amalga oshiriladi. Toshkent – Tel-Aviv aviachiptasining narxi 4 276 000 so‘mdan boshlanadi. Toshkent – Tel-Aviv – Toshkent yo‘nalishi aviachiptasi narxi 5 738 000 so‘mdan boshlanadi (narxlar 3 foiz chegirmani hisobga olgan holda ko‘rsatilgan).

Xorijiy fuqarolarga Isroilga kirish va tranzit maqsadida foydalanish taqiqlangandi. Ushbu ro‘yxat Isroil fuqarolari va rezidentlari, aholi va immigratsiya boshqarmasi tomonidan berilgan ruxsatnomaga ega yo‘lovchilarni o‘z ichiga olmaydi.

72 soatdan ko‘proq vaqt davomida Isroildan tashqarida bo‘lgan, ushbu davlatga kirgan yoki tranzit yo‘lovchilar va ekipaj a'zolari 72 soat oldin COVID-19 uchun PZR-testini topshirishi va birinchi nuqtadan chiqishdan oldin testning salbiy natijasini olishi kerak.

Isroilga keladiganlar «Kirish hisoboti» shaklini Isroilga parvoz qilishdan oldin 24 soatdan kechiktirmasdan to‘ldirishlari kerak va Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligidan elektron ruxsat olishlari talab etiladi. 

Bundan tashqari, yo‘lovchilar COVID-19 xarajatlarini qoplash uchun tibbiy sug‘urtaga (Isroil fuqarolari va rezidentlariga taalluqli emas) ega bo‘lishlari kerak.

Aviakompaniya xabariga ko‘ra, yo‘lovchilar Isroilga kelishlari bilan COVID-19 uchun PZR-testini topshiradi va 14 kungacha karantinda saqlanishi mumkin.

Mavzuga oid