O‘zbekiston | 22:34 / 28.05.2021
11290
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati hokimi: «Ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni istagancha buzib, o‘zgartirib tashlashyapti»

«Joylarda ko‘p qavatli uylarning nechtasida balkon qulab tushdi. Odamlar ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarini istagancha buzib, o‘zgartirib tashlashyapti. Hatto asosiy devorlar ham buzilyapti», – dedi Davron Hidoyatov va yechim yuzasidan taklif ilgari surdi.

Shavkat Mirziyoyev rahbarligida aholining yashash sharoitini yaxshilash, turar joylarni ta'mirlash ishlari bo‘yicha videoselektor bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov ham so‘zga chiqdi.

«Toshkent shahrida kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ahvol chindan ham og‘ir. Qarzdorlik yuqori, olingan kreditlarni qaytarish bo‘yicha ish olib borilmagan. Bu borada hozir prokuratura bilan hamkorlikda shug‘ullanyapmiz.

Toshkent viloyatini o‘rganib chiqqanimizda 400 tadan ortiq ko‘p qavatli uy egasizligi aniqlandi. Birorta «TSJ»ga biriktirilmagan. Bularni ham bartaraf qilish bo‘yicha ish olib borayapmiz.

Bir taklifim bor edi. Uy-joy bo‘yicha inspektorlar bor, lekin ularning vakolatlari yo‘q, chora ko‘ra olmaydi. Toshkent viloyatida, umuman boshqa joylarda ham nechta balkon qulab tushdi. Odamlar ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarini istagancha buzib, o‘zgartirib tashlashyapti. Hatto asosiy devorlar ham buzilyapti.

Men o‘zim chet elda ko‘rgandim, bitta konditsioner o‘rnatish uchun ham inspektor ruxsati kerak. Shularga vakolat bersak, nazoratni kuchaytirsak», – dedi Toshkent viloyati hokimi.

Prezident bu taklif ko‘rib chiqilishi va qabul qilinayotgan qarorda aks etishini bildirdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid