Jahon | 22:47 / 29.05.2021
12089
2 daqiqa o‘qiladi

Belaruslarni Yevropadan olib kelish, 500 mln dollarlik kredit. Putin va Lukashenko uchrashuvi yakunlari ma'lum qilindi

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Putin Lukashenko bilan suhbat chog‘ida Belarusda Nexta Telegram-kanali bosh muharriri Roman Protasevich bilan birga qo‘lga olingan rossiyalik Sofiya Sapega masalasini ko‘tardi.

Foto: TASS

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenkoning Sochida o‘tkazgan muzokaralari tafsiloti haqida ma'lumot berdi.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlar Minskka davlat kreditining ikkinchi o‘tkazmasi masalasini kelishib olgan. Minsk iyun oxiriga qadar Moskvadan 500 mln dollar oladi.

2020 yil dekabrda Rossiya va Belarus Minsk ikki marta 500 mln dollardan mablag‘ olishiga kelishgandi. Belarus moliya vazirligi 30 dekabrda birinchi o‘tkazma olinganini bildirgan.

Putin Lukashenko bilan suhbat chog‘ida Belarusda Nexta Telegram-kanali bosh muharriri Roman Protasevich bilan birga qo‘lga olingan rossiyalik Sofiya Sapega masalasini ko‘tardi, dedi Peskov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tashqi ishlar vazirligiga «uning taqdirini kuzatib borish» topshirig‘i berilgan. Peskov Lukashenko bu masalada nima deganini ma'lum qilmadi.

Peskovning qo‘shimcha qilishicha, Putin va Lukashenko uchrashuvi yakunlariga ko‘ra, Rossiya va Belarus transport vazirliklariga «ta'tillar boshlanishi va belaruslarni Yevropadan qaytarib olib kelishni hisobga olgan holda o‘zaro hamkorlikni tashkil etish» vazifasi topshirilgan.

Lukashenko Putinni Ryanair samolyoti bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha «batafsil» xabardor qildi, dedi Peskov.

Rossiya va Belarus prezidentlari yil boshidan buyon uchinchi marta uchrashdi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid