O‘zbekiston | 21:21 / 31.05.2021
7702
2 daqiqa o‘qiladi

Respublika bo‘yicha 78ta sudyalik lavozimi vakant - Sudyalar oliy kengashi

O‘zbekistonda sudyalik lavozimlarining 6 foizi vakant ekani ma'lum qilindi.

31 may kuni AOKAda «Sudyalarni lavozimlarga tayinlashdagi ochiqlik va shaffoflik, ularning chinakam mustaqilligini ta'minlash hamda tizimda korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirok etgan Sudyalar oliy kengashi shu'ba rahbari Nodira Boboxonovaning ma'lum qilishicha, hozirda 78 ta, ya'ni sudyalik lavozimlarining 5,9 foizi vakant bo‘lib turibdi. O‘tgan yili vakant sudyalik lavozimlari 17,1 foizni tashkil etgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Sudyalar oliy kengashi vakolatiga sudyalar daxlsizligi buzilishining va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish masalasi ham kiradi.

«2020 yilda 3ta holatda sudyalarning daxlsizligi buzilgani aniqlanib, qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida 4ta shunday holat yuz berdi.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan Bosh prokurorga o‘z vaqtida taqdimnomalar kiritilishi natijasida bitta jinoyat, ikkita ma'muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atildi. Yana bir holat o‘rganilmoqda», – deydi Nodira Boboxonova.

Mavzuga oid