O‘zbekiston | 11:27 / 02.06.2021
11069
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda faollar yig‘ilishi boshlandi. Viloyatga 1 trillion 900 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ma'lum qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida viloyat faollari bilan uchrashuv ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni paytda bu tadbir boshlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qildi. 

“Bugungi uchrashuvimizning eng katta maqsadi o‘sish nuqtalarini aniqlash, xalq farovonligini oshirish, odamlarimiz natijadan qoniqyaptimi, rozimi, mana shu savollarga javob bersak. Ko‘proq tumanlar vakillarini eshitsak. 

Biz odamlarni gapirishga, talab qilishga o‘rgatdik. Endi xalqimizni rozi qilish uchun nimalar qilishimiz kerak? Maktabgacha ta'lim, maktab, oliy ta'lim nima bo‘ladi? Ta'lim sifatini qanday oshiramiz? Mana shularni aniqlab olishimiz kerak. 

Sinovli yillarda yashayapmiz. Dunyo shiddat bilan o‘zgaryapti. Koronavirus bizga ko‘p narsani o‘rgatdi, ko‘zimizni ochdi. Tibbiyotda jiddiy islohotlar zarurligini ko‘rsatdi. Albatta, harakatlarimiz bilan buni jilovlayapmiz, lekin xavf hali yonimizda yuribdi. Ko‘pchiligimiz yaqinlarimizni yo‘qotdik, chunki jiddiy qaramadik, oddiy gripp dedik. Ko‘p davlatlar hali chegaralarini ochgani yo‘q. Biz ochdik, lekin hali dunyo bilan aloqalarimiz oldingidek tiklanmadi.

Surxondaryoga kelishdan maqsadlarimiz ulkan. 1 trln 900 mlrd mablag‘ ajratyapmiz. Lekin buning nazorati bo‘lishi shart. Qarsakbozlik qilmanglar, menga muammolardan gapiringlar va ularning yechimi ustida izlanaylik.

Menga xabar berishdi, Surxondaryoda odamlar prezident bilan uchrashay, deb dod-faryod qilyapti. Lekin o‘sha hududning deputatlari yo‘qmi? Shu xalq bizning xalqimiz, boringlar, o‘sha o‘zining qo‘ng‘irot tilida gaplashinglar!

Kecha hokimga topshiriq berdim – barcha hokimlar, sektorlar rahbarlari 1 yil davomida men bergan topshiriqlar bilan shug‘ullanadi, birinchi o‘rinbosarga vakolatini topshiradi. Faqat belgilangan vazifalar bilan shug‘ullanadi, kabinetiga kirmaydi, mahallada ishlaydi, yoshlar, xotin-qizlar, temir daftar bilan shug‘ullanadi”, deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid