09:19 / 08.06.2021
3708

May oyi uchun iste'mol sektoridagi inflatsiya darajasi e'lon qilindi

2021 yilning may oyida iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 0,5 foizga qimmatlashdi. Bu haqda Statqo‘m xabar berdi.

Foto: Fotolia

Joriy yil boshidan ular narxlarining o‘sish darajasi 4,6 foizni, o‘rtacha oylik o‘sish darajasi esa 0,9 foizni tashkil etdi. Yillik nisbatda iste'mol narxlari indeksi (INI) o‘sish darajasi 10,9 foizga yetdi.

2021 yilning may oyida yillik umumiy INI tuzilmasida oziq-ovqat mahsulotlari yetakchilikni ushlashda davom etib, ular narxlari oshishi ushbu ko‘rsatkichni 6,0 f.d. oshirdi (tovarlar va xizmatlar umumiy ta'sirining 55,7 foizi atrofida).

Joriy yilning may oyida oziq-ovqat mahsulotlari INI o‘sish darajasi oy davomida 0,5 foizni tashkil etdi. 2019 yilning may oyida ham narxlar oshishi xuddi shu darajada bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilning mos davrida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,2 foizga pasayishi qayd etilgan.

Joriy yilning may oyida nooziq-ovqat mahsulotlar INI o‘sish darajasi oy davomida 0,4 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilning may oyida ushbu ko‘rsatkich joriy yilning mayidagi ko‘rsatkichdan 0,2 foiz bandga, 2019 yilning mayida esa 0,3 foiz bandga baland bo‘lgan.

2021 yilning may oyida xizmatlar oy davomida 0,7 foizga qimmatlashdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning may oyidagi ko‘rsatkichdan 0,1 foiz bandga va 2019 yil may oyidagi ko‘rsatkichdan 0,8 foiz bandga past bo‘ldi.

2021 yilning may oyida asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan (meva-sabzavotlardan tashqari) oy davomida shakar (2,5 foiz), tirik, muzlatilgan baliq (1,5 foiz), grechka (1,3 foiz), suyakli mol go‘shti (1,1 foiz), qo‘y go‘shti (0,9 foiz), suyaksiz mol go‘shti (0,8 foiz), sut (0,5 foiz) sezilarli darajada qimmatlashdi. 

Oy davomida narxlarning pasayishi paxta yog‘i (- 1,5 foiz), kungaboqar yog‘i (- 0,2 foiz), suli yormasi (- 0,3 foiz), manniy yormasi (- 0,1 foiz) narxlarida qayd etildi. Yettita hududda tuxum narxlarining pasayishi (- 0,4 foizdan - 2,5 foizgacha), oltita hududda narxlarning oshishi (0,6 foizdan – 1,6 foizgacha) qayd etildi.

2020 yilning dekabriga nisbatan kungaboqar yog‘i (35,4 foiz) va paxta yog‘i (32,2 foiz) hamda shakar (13,7 foiz) narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallashda davom etmoqda. Yillik nisbatda inflyatsion jarayonlar paxta va kungaboqar yog‘lari narxlarining oshishida yaqqol namoyon bo‘lib, ularning narxlari o‘rtacha 1,7 barobarga qimmatlashdi.

Top