O‘zbekiston | 09:03 / 08.06.2021
3692
2 daqiqa o‘qiladi

YeTTB Namangan viloyati suv ta'minotini yaxshilash uchun O‘zbekistonga 70 million dollar qarz ajratadi

7 iyun kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilish uchun YeTTB birinchi vitse-prezidenti Yurgen Rigterink boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.

Tomonlar “Namangan viloyatining Chust, Pop va Namangan tumanlarida suv ta'minotini hamda Chust va Mingbuloq tumanlarida oqova tizimlarini yaxshilash” loyihasini joriy etish uchun 70 mln dollar miqdorida qarz bitimi imzoladi.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga Namangan viloyatining Chust, Namangan va Pop tumanlarida istiqomat qilayotgan 170 mingdan ziyod aholi toza ichimlik suvidan doimiy foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mablag‘lar viloyatdagi yettita qishloq aholi punkti (Chortog‘, Chust, Jo‘masho‘y, Qizil-Rovot, Pop, Toshbuloq va Uyg‘ur)ga xizmat ko‘rsatuvchi suv olish va tarqatish stansiyalari va tarmoqlari, magistral quvurlar va suv tozalash inshootlarini, shuningdek, Chust va Jo‘masho‘y qishloqlarida suv tozalash inshootlari, oqova suv stansiyalari va tarmoqlarini qurish va ta'mirlash uchun sarflanadi.

Investitsiyalar qariyb 115 ming yangi foydalanuvchilarga suv ta'minoti tarmoqlariga ulanish imkonini beradi. Yangi infratuzilma tufayli suv yo‘qotishlari yiliga 0,6 mln kubometrga kamayadi.

Loyiha aholiga xavfsiz ichimlik suvi yetkazib berish, iste'molchilar shaxsiy gigiyenasini yaxshilash va mavjud suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga yordam beradigan suv ta'minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilishni moliyalashtirish orqali qishloq aholisini markazlashgan suv ta'minoti tizimiga ulash bo‘yicha O‘zbekiston milliy dasturini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid