Yevro-2020, E guruhi: dunyoning eng kuchli hujumchisi va «koronaviruschilar»
Yevropa chempionati ishtirokchilarini tanishtirishda davom etamiz. Navbatda - Ye guruhi.
ISPANIYa
- FIFA reytingi — 6
- Yevro-2020ga yo‘l — 8 g‘alaba, 2 durang, 0 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 31-5
- Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Alvaro Morata, Serxio Ramos, Rodrigo (4tadan gol)
- Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi — g‘alaba (1964, 2008, 2012)
Ispaniya bosh murabbiyi
2018 yilgi jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin Ispaniya bo‘yicha yangi qarash paydo bo‘ldi: turnirgacha bir kun qolgan bo‘lsa ham murabbiy haqida gapirmaslik kerak. Ammo Luis Enrike ishlashda davom etmoqda. Ispaniyalik mutaxassisning faoliyatidagi asosiy yutug‘ini hech kim unutmaydi — 2015 yilda «Barselona» bilan trebl. 2017 yilda esa uning boshqaruvi davrida «remontada» ro‘y berdi — YeChL nimchorak finalida «PSJ»ga qarshi javob o‘yinidagi 6:1.
Ispaniya termasini Enrike 2019 yildan buyon boshqarmoqda — u faqat qizi kasalligi tufayli bir muddat tanaffus qildi, lekin uning qizi o‘sha yil vafot etadi. Enrike ishga qaytib, 11 o‘yin o‘tkazdi, bu o‘yinlardan faqat birida Millatlar ligasi guruh bosqichi doirasida Ukrainaga qarshi o‘yinda 0:1 hisobida yutqazdi.
Asosiy yulduzlar
Hozirgi tarkibda yulduzlarni ajratib ko‘rsatish qiyin. Ispan futbolchilari orasida eng mashhuri — Serxio Ramos, ammo uni, «Real»ning boshqa istalgan futbolchisi kabi, Enrike zayavkaga kiritmadi. «Atletiko»da yorqin mavsum o‘tkazgan Markos Lorente Yevro-2020da ham shu tempda o‘ynashini kutish mumkin. «Matraschilar»ning chempionligi uchun olqishlar Luis Suares va Diyego Simeonega ketgan bo‘lsa-da, ushbu ispaniyalik futbolchining muhim o‘rnini e'tibordan chetda qoldirmaslik kerak.
U faoliyatidagi eng samarali mavsumni o‘tkazdi — La liga o‘yinlarida 11 gol urib, 12 assist muallifi bo‘ldi. Lorente o‘z universalizmi bilan ajralib turadi — «Real»da tayanch yarimhimoyachisi pozitsiyasida boshlagan Markos Simeone qo‘li ostida maydon markazidagi hujumkor futbolchiga transformatsiya bo‘ldi. Ayrim vaqtlarda undan ikkinchi hujumchi sifatida ham foydalanildi va u hozirda yaxshi sport formasida.
Tarkib
Serxio Ramos zayavkaga kiritilmagani tufayli, himoya markazida Lyaport va Garsiya joylashadi. Qanotlarda — tajribali Jorji Alba va Aspilikueta yuguradi. Maydon markazida Koke va Rodri yonida 18 yoshli Pedri to‘p suradi. Hujumda — so‘nggi yillarda yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan Dani Olmo va Ferran Torres, hujum markazida Morata.
Ispaniya terma jamoasi ayni vaqtda karantinda o‘tiribdi. Chempionat boshlanishiga bir haftacha vaqt qolganida dastlab jamoa sardori Serxio Busketsda koronavirus aniqlandi, ko‘p o‘tmay himoyachi Diyego Lorentening ham testi musbat natija berdi.
Ispaniyada amal qiluvchi kovid-protokolga ko‘ra, bir guruhdagi ikkinchi musbat natija terma jamoa lagerida koronavirus tarqalishi nazoratdan chiqib ketganini anglatardi, bu esa terma jamoaning keyingi hafta dushanba kuni guruhning ilk o‘yinlari doirasida Shvetsiyaga qarshi o‘yin uchun Sevilyaga safarini xavf ostida qoldirdi.
Seshanba kuni kechqurun Ispaniya Litvaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi kerak edi, ammo asosiy jamoa karantindaligi tufayli maydonga yoshlar jamoasi chiqdi va ular xotirjamlik bilan g‘alaba qozondi - 4:0.
Joriy hafta boshida, Busketsda virus chiqishining ertasiga Luis Enrike har ehtimolga qarshi besh futbolchini terma jamoaga chaqirdi - himoyachi Raul Albiol, yarimhimoyachilar Brais Mendes, Pablo Fornals, Karlos Soler va hujumchi Rodrigo Moreno. Keyin ularga darvozabon Kepa Arrisabalaga ham qo‘shildi. Ular alohida holda shug‘ullana boshlashdi. Chorshanbaga o‘tar kechasi Lorenteda ham virus aniqlangach, ularga yoshlar jamoasidan 11 futbolchi qo‘shildi.
Enrike va federatsiya rahbarlarida qanday qarorga kelingani haqida (zayavkaga o‘zgartirish kiritish yoki kasallangan futbolchilar tezroq tuzalib, yangi kasallar chiqmasligiga umid qilish) e'lon qilish uchun 12 iyun soat 22:00gacha vaqt bor.
Taxminiy boshlang‘ich tarkib: De Xea – Lyaport, Garsiya, Alba, Aspilikueta – Rodri, Koke, Pedri – Dani Olmo, Ferran Torres – Alvaro Morata.
Ispaniya: Yevro-2020 uchun prognoz
Xalqaro maydonlarda o‘n yil davomida so‘zsiz ustunlik qilgan «qizil furiya» so‘nggi uch yirik turnirda munosib ishtirok eta olmadi — JCh-2018 1/8 finalida Rossiyadan uchralgan mag‘lubiyat - quyi nuqta bo‘ldi. Bu muvaffaqiyatsizliklar ispanlarni Yevro-2020 favoritlari safidan chiqaradi. Jamoa chuqur himoyalanuvchi jamoalarga qarshi o‘yinlarda qiynalmoqda. Tarkib jahon miqyosidagi yangi yulduzlar bilan to‘lmoqda — Pedri («Barselona»), Rodri, Ferran Torres (ikkisi ham — «Manchester Siti»). Ammo yaqin o‘tmishdagi turnirlardagi natijalardan kelib chiqsak, bu safar yarimfinalga chiqish ham katta muvaffaqiyat bo‘ladi.
POLShA
- FIFA reytingidagi o‘rni — 21
- Yevro-2020ga yo‘l — 8 g‘alaba, 1 durang, 1 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 18-5
- Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purar — Robert Levandovski (6 gol)
- Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi — 1/4 final (2016)
Polsha bosh murabbiyi
Polsha terma jamoasini ushbu turnirda Paulo Souza boshqaradi. U Shveytsariyada «Bazel» bilan chempion bo‘lgan, «Fiorentina»ni ikki mavsum, «Bordo»ni bir yarim mavsum boshqargan. Portugaliyalik mutaxassis Polsha termasini 2021 yil yanvarida qabul qilib olgan. Shartnoma shu yil noyabriga qadar tuzilgan, bu shuni anglatadiki, Souza uchun Yevro-2020da yaxshi ishtirok etish juda muhim, faqat shu orqali u yangi shartnomaga ega bo‘lib, ishini saqlab qolishi mumkin.
Asosiy yulduzlar
Polshaliklarning asosiy umidi — albatta, Robert Levandovski. 2019/20 yillar mavsumining barcha versiyalar bo‘yicha eng yaxshi futbolchisi (u faqat taqdimot o‘tkazilmagani uchun «Oltin to‘p» ololmadi). Bu mavsumda ham ushbu forvard tempni pasaytirmadi va hatto unga ham uddalab bo‘lmas vazifa bo‘lib ko‘ringan Gerd Myullerning Bundesligadagi gollar soni bo‘yicha abadiy rekordini yangiladi, polyak bir mavsumda 41 gol urdi va «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritdi. Garchi 2018 yilgi jahon chempionatida Levandovski birorta gol urolmagan bo‘lsa-da (Polsha Senegalga 1:2, Kolumbiyaga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, faqat Yaponiyani 1:0 hisobida yengib guruhdan qaytgan, gollarni Krixovyak va Bednarek urgan), Yevro-2020ga u faoliyatining cho‘qqisida kelmoqda va undan to‘purarlik salohiyatini namoyish etishini kutish mumkin.
Tarkib
Polsha tarkibida Levandovskidan tashqari yana bir qancha yuqori saviyali futbolchilar bor — hujumda unga Milik, Zelinski va Krixovyak kabi futbolchilar yordam beradi, darvozada «Yuventus»ning asosiy posponi Voysex Shchensni turadi.
Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Shchensi – Glik, Xelik, Bednarek – Ribus, Bereshinski – Krixovyak, Moder, Zelinski – Levandovski, Shverchok.
Polsha: Yevro-2020 uchun prognoz
Levandovskining jamoaga ta'sirini Diyego Maradonaning 1986 yilgi mundialda Argentina termasiga ta'siri yoki Krishtianu Ronalduning 2016 yilgi Yevropa chempionatida Portugaliya termasiga ta'siriga qiyoslash mumkin. Agar Paulo Souza Robert atrofida mos tizimni qura olsa va u bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolsa, Levandovski Polshani pley-offga olib chiqa oladi.
ShVeTsIYa
- FIFA reytingidagi o‘rni — 18
- Yevro-2020ga yo‘l — 6 g‘alaba, 3 durang, 1 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 23-9
- Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purari — Robin Kuayzon (5 gol)
- Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi — yarimfinal (1992)
Shvetsiya bosh murabbiyi
Yanne Anderson terma jamoani 2016 yildan buyon boshqarib kelmoqda. Unga qadar mahalliy klublarda ishlagan. Andersonning boshqaruvida Shvetsiya 2018 yilgi jahon chempionatida 1/4 finalgacha yetib borgan, bu bosqichda Angliyaga mag‘lub bo‘lgandi. Millatlar Ligasida skandinavlar Fransiya, Portugaliya va Xorvatiyadan iborat «o‘lim guruhi»da so‘nggi o‘rinda qolishgan. Shvedlar 2021 yildagi to‘rt o‘yinning barchasida — ikki JCh-2022 saralash o‘yini ikki va o‘rtoqlik o‘yinida g‘alaba qozonishdi.
Asosiy yulduz
Martda sensatsiya ro‘y bergandi: qariyb besh yillik tanaffusdan keyin Zlatan Ibrahimovich qaytgandi. Ammo may oyi o‘rtalarida u tizzasidagi jarohat tufayli Yevro-2020da ishtirok eta olmasligi ma'lum bo‘ldi. Bu shuni anglatadiki, jamoadagi birinchi raqamli skripkachi o‘rni bo‘sh qoldi. Katta ehtimol bilan, oldindagi Yevropa chempionati yangi yulduz — Aleksandr Isakni kashf etadi.
«Real Sosedad»ning 21 yoshli forvardi qatorasiga ikkinchi mavsumda 16tadan ortiq gol urdi, 190 santimetrlik bu hujumchi yuqori tezlikka ega. Emil Forsberg («Leypsig»), Deyan Kulushevski («Yuventus») va krasnodarlik trio Viktor Klasson — Kristofer Olsson — Markus Berg yordamida salohiyatli hujumchi maksimal darajada yorqin o‘yin ko‘rsatishini kutish mumkin.
Tarkib
Shvetsiyada Zlatan Ibrahimovich yo‘q, ammo «Manchester Yunayted»dan Lindelyof, «Yuventus»dan Kulushevski va «Real Sosedad»dan yangi Zlatan Isak bor — har bir chiziq uchun yulduzlar topiladi.
Shvedlarda ham koronavirus muammoga aylandi. Dushanba kuni terma jamoa yetakchilaridan biri Deyan Kulushevski topshirgan test natijasi musbat chiqdi (u terma jamoa bilan Gyoteborgdagi bazaga uchib ketmay, Stokholmda qolgan), ko‘p o‘tmay «Bolonya» havbeki Mattias Svanbergda ham virus aniqlandi.
Aftonbladet nashri ma'lumotiga ko‘ra, musbat natija haqida futbolchi mashg‘ulotlarga kirishganidan keyin ma'lum bo‘lgan. Hozirda Svanberg jamoadan ajratilgan va u yana bir tekshiruvdan o‘tishi kerak.
Shvetsiya termasi rahbari kasallangan futbolchilar o‘rniga yangilarini jalb qilmasligi, futbolchilar tezda sog‘ayishiga umid qilishi haqida e'lon qilib bo‘lgan.
Ispaniya va Shvetsiya o‘yini keyinroqqa qoldirilmaydi. UYeFA protokoliga ko‘ra, jamoalar 13 futbolchi (darvozabon ham) yig‘a olsa, maydonga chiqishga tayyor hisoblanadi. Bu ikki jamoa o‘yini birinchi turda bo‘lib o‘tadi, turnir regalamentiga ko‘ra, o‘yin boshlanishidan 48 soat oldin zayavkaga istalgancha o‘zgartirishlar kiritish mumkin.
Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Olsen – Lindelyof, Danielsson, Bengston, Lustig – S.Larsson, Olsson – Klasson, Forsberg – Berg, Isak.
Shvetsiya: Yevro-2020 uchun prognoz
Anderson terma jamoadagi ko‘p yillik faoliyati davomida ish bergan tizimga sodiqligicha qolmoqda: to‘pni raqibga topshirgan holatda himoyaga e'tibor qaratib 4-4-2 sxemasida harakatlanish. Shvetsiya bir o‘yinda ispanlarga jiddiy qarshilik ko‘rsatib ochko olishi ham mumkin, ammo ular nimchorakka ikkinchi yo‘llanma uchun Polsha bilan raqobatlashadi.
SLOVAKIYa
- FIFA reytingidagi o‘rni — 36
- Yevro-2020ga yo‘l — 4 g‘alaba, 1 durang, 3 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 13-11, Pley-off: Irlandiya — 0:0, penaltilar bo‘yicha 4:2, Shimoliy Irlandiya — 2:1
- Saralash turniridagi eng yaxshi to‘purarlar — Robert Bojyenik, Marek Hamshik, Yuray Kutska (3tadan gol)
- Yevro tarixidagi eng yaxshi natijasi — 1/8 final (2016)
Slovakiya bosh murabbiyi
Shtefan Tarkovich asosiy jamoa sari 7 yil yo‘l bosgan. 2013 yil iyulida u bosh murabbiyga assistent bo‘lgan, 2018 yilda bir hafta davomida vaqtinchalik bosh murabbiy vazifasini bajargan, 2020 yil yanvarida texnik direktor etib tayinlangan. Nihoyat, 2020 yil oktyabrida Tarkovich 2021 yil oxirigacha shartnoma asosida bosh murabbiy etib tayinlanadi. Uning boshqaruvida Slovakiya o‘tish o‘yinlari orqali Yevro-2020ga yo‘llanma oldi, shu bilan birga Millatlar ligasida S divizionga tushib ketdi. To‘g‘ri, Tarkovich yetti o‘yindan faqat bittasida mag‘lub bo‘lgan, shu yil martida esa JCh-2022 saralashi doirasida Rossiya termasini mag‘lub etgan.
Asosiy yulduz
Yevro-2016dan buyon besh yil o‘tdi, xotiralar esa hali eskirgani yo‘q: Rossiyaga qarshi o‘yinning 45-daqiqasida, Marek Hamshik chap qanotdan raqib jarima maydoniga yorib kirib qaytarib bo‘lmas zarba beradi va jamoasi ustunligini oshiradi - 2:0. Bu zarba Leonid Slutskiyning iste'fosini muqarrar qilgandi. Hozir 2021 yil, Hamshik esa 33 yoshda, Yevro-2020ga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uchun u mart oyida Xitoy ligasidan Shvetsiyaning «Gyoteborg» klubiga ko‘chib o‘tdi. «Napoli» afsonasi terma jamoa uchun 126 o‘yin o‘tkazib ulgurgan, uning hisobida 26 gol bor (ikki ko‘rsatkich bo‘yicha ham jamoa rekordchisi). Barcha o‘yinlarda ham boshlang‘ich tarkibda tushmayotgan bo‘lsa-da, aynan Hamshik jamoani Yevro-2020ga yetakchisi sifatida boshlab keldi.
Tarkib
Dubravka — darvozada, Gubochan, Shkrinyar, Shatka, Pekarik — himoyada, Xroshovski va Kutska — tayanch zonasida, oldinroqda Mak, Duda va Koshelnik, hujumda — Bojyenik. Slovakiyada yuqori saviyali futbolchilar u qadar ko‘p emas, shu tufayli yuqoridagi tarkib barqaror o‘ynab keladi.
Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Dubravka – Shkrinyar, Shatka, Pekarik, Gubochan – Xroshovski, Kutska – Duda, Koshelnik, Mak – Bojyenik.
Slovakiya: Yevro-2020 uchun prognoz
E guruhida Slovakiya yaqqol autsayder. Bu yerda xayolotga o‘rin yo‘q — slovaklar hali Ispaniyani yengmagan, Shvetsiya va Polsha ham tarkib va o‘yin jihatidan bir bosh baland va bu Tarkovich shogirdlari imkoniyatlarini keskin pasaytiradi. Faqat Luis Enrike jamoasi va Levandovskiga qarshi jon-jahdi bilan o‘ynash, Shvetsiyaga qarshi ilk g‘alabaga aynan shu Yevroda erishishga umid qilish qoladi.
Yevro-2020: Ye guruhi taqvimi
14 iyun
21.00 Polsha — Slovakiya (Sankt-Peterburg)
00.00 Ispaniya — Shvetsiya (Sevilya)
18 iyun
18.00 Shvetsiya — Slovakiya (Sankt-Peterburg)
19 iyun
00.00 Ispaniya — Polsha (Sevilya)
23 iyun
21.00 Shvetsiya — Polsha (Sankt-Peterburg)
21.00 Slovakiya — Ispaniya (Sevilya)
Mavzuga oid
21:14 / 14.07.2021
Yevroda o‘zini ko‘rsatgan futbolchilar. Ular endi top-klublarda paydo bo‘lishi mumkin
15:57 / 13.07.2021
Yevro-2020 yakunlari. Kim tezroq, chidamliroq va aniqroq?
15:32 / 13.07.2021
Yevro-2020 ramziy jamoasi e'lon qilindi
17:32 / 12.07.2021