Jahon | 21:09 / 14.06.2021
3833
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Johnson & Johnson’ning 60 million doza vaksinasi yo‘q qilib yuboriladi

AQShning oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar sifati bo‘yicha sanitar nazorat boshqarmasi (FDA) Johnson & Johnson kompaniyasi koronavirusga qarshi o‘z vaksinasining 60 mln dozasini yo‘q qilishi kerakligini aytdi. Bunga Baltimordagi zavodda vaksina ishlab chiqarishda yo‘l qo‘yilgan xato sabab hisoblanadi.  

Foto: Reuters

FDA’ning ta'kidlashicha, vaksinaning bir nechta partiyasi ifloslangani sababli qo‘llash uchun yaroqsiz bo‘lishi mumkin. Boshqarma ko‘rsatmasiga ko‘ra, Johnson & Johnson vaksinasini ishlab chiqaruvchi Emergent BioSolutions kompaniyasi koronavirusga qarshi vositani ishlab chiqarishni to‘xtatgan. Chunki zavod xodimlari unga boshqa bir vosita – AstraZeneca vaksinasi komponentlarini qo‘shib yuborishgan.

Johnson & Johnson vaksinasi xavfsiz ekaniga shubha paydo bo‘lishi va shu sababli unga AQShda talab pasaygani bir marta kiritiluvchi ushbu vositaning ommaviy qo‘llanish sur'atini pasaytirdi. AQShda ishlab chiqarilgan 21 mln doza vaksinadan yarmi qo‘llanmay qolib ketgan.

Ayni vaqtda FDA Baltimordagi zavodda ishlab chiqarilgan AstraZeneca vaksinasining millionlab dozasini tekshirmoqda. Ushbu vaksinadan 10 mln dozasi qo‘llash uchun ma'qullangan.

Avvalroq AQSh mutasaddi idoralari Johnson & Johnson vaksinasi bilan emlashni to‘xtatishni tavsiya etgan. Shundan keyin Yevropaning bir qator davlatlarida ham ushbu tavsiyaga amal qilingan.

Johnson & Johnson vaksinasi kuchsizlantirilgan adenovirus negizida ishlab chiqilgan. U ikkinchi dozaning kiritilishini talab qilmaydi va muzlatkichda bir necha oy davomida saqlanishi mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid