Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yo‘llanma taqdiri va Osiyo kubogi-2023 chiptasi tikilgan o‘yin. O‘zbekiston Saudiya Arabistonida noxush an'anaga chek qo‘ya oladimi?
O‘zbekiston milliy jamoasi 2022 yilgi jahon chempionati 2-saralash bosqichi so‘nggi 10-tur doirasida 15 iyun kuni Saudiya Arabistoniga qarshi saf tortadi. Guruh bosqichidagi eng muhim o‘yinga aylanadigan ushbu qarama-qarshilikda milliy jamoamiz ikki yil avval Toshkentda uchralgan alamli mag‘lubiyat uchun revansh olish va Saudiya Arabistoniga qarshi safar o‘yinlaridagi noxush an'anaga barham berish uchun maydonga chiqadi.
So‘nggi 4 o‘yinida jami 12:0 hisobini qayd etgan Saudiya. Kim qanday holatda?
O‘zbekiston milliy jamoasi Saudiya Arabistonida markazlashgan holda tashkil etilgan saralash bosqichi bahslarini Singapur (5:0) va Yamanni (1:0) yengish bilan davom ettirdi. 1-davrada Falastin va Saudiya Arabistoni bilan bahslarda mag‘lubiyatga uchralgani sababli «oq bo‘rilar» JCh-2022 hal qiluvchi saralash bosqichiga boshqa guruhlardagi natijalardan qat'i nazar to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l olishi Saudiya Arabistonini mag‘lub etishi darkor.

Singapur va Yaman bilan bahslarda diskvalifikatsiyasini o‘tagan Oybek Bozorov yana maydonga qaytishi mumkin. Tarkibdagi yagona yo‘qotish – jarohat olib ortga qaytgan Hojimat Erkinovdir.
Saudiya Arabistoni milliy jamoasi hozirda yuqori sport formasiga kirib olgan. Erve Renar shogirdlari so‘nggi 4 o‘yinida Kuvayt (1:0), Falastin (5:0), Yaman (3:0), Singapur (3:0) ustidan umumiy 12:0 hisobini qayd etgan.
Saudlar tarkibida ham yo‘qotishlar bor. O‘yindan oldingi matbuot anjumanida saudiyaliklarning fransiyalik bosh murabbiyi Erve Renar diskvalifikatsiya sababli Salim Ad-Dovsariy va Abdulloh Al-Malkining tarkibda yo‘qligi jamoa uchun katta yo‘qotish ekanligini aytib o‘tdi. Bu futbolchilar Singapur bilan bahsda turnirdagi 2-sariq kartochkasini olishgani bois, O‘zbekistonga qarshi maydonga tusha olmaydi.
Transfer narxlaridagi farq: O‘zbekiston tarkibi Saudiyadan qimmatroq
Transfermakrt portali O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni milliy jamoalarining transfer qiymatini keltirgan. Bu borada o‘zbekistonliklarning transfer bahosi saudiyaliklarnikidan qimmatroq.
Jumladan, O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibining hozirgi umumiy qiymati 27,65 million yevroga baholangan. Eng qimmatbaho futbolchilar ro‘yxatini Eldor Shomurodov boshqarmoqda. «Jyenoa» hujumchisining transfer bahosi – 7 million yevroni tashkil etadi. 2-o‘rinda Otabek Shukurov – 3 million yevro, 3-o‘rindan esa Jaloliddin Masharipov – 2,8 million yevro narx bilan o‘rin olgan.

Saudiya Arabistoni milliy jamoasi tarkibining umumiy qiymati esa biroz pastroq – 25,78 million yevroni tashkil etadi. 2,9 million yevro narx bilan saudiyaliklar safidagi eng qimmatbaho o‘yinchi bo‘lib turgan 29 yoshli hujumkor yarimhimoyachi Salim Ad-Dovsariy O‘zbekistonga qarshi maydonga tusha olmaydi. O‘zbekistonga qarshi maydonga tushishi mumkin bo‘lgan eng qimmatbaho o‘yinchilar narxi – Muhammad Al-Ovays – 2,5 million yevro, Yosir Ash-Shahroni, Muhammad Al-Burayk – 2 million yevro.
O‘zaro o‘yinlar tarixi: Ustunlik Saudiya Arabistonida
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni 1994 yildan buyon o‘zaro 11 marta uchrashgan. Ushbu bahslarda O‘zbekiston vakillari 4 marta g‘alaba qozongan bo‘lsa, bir marta durang qayd etilgan. 6 uchrashuvda esa saudiyaliklarning qo‘li baland kelgan.
Dastlabki g‘alaba 1994 yilgi Osiyo o‘yinlari doirasidagi 1-turda erishilgan. Rustam Akromov va Birodar Abduraimov murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy jamoasi Sergey Lebedev, Mirjalol Qosimov va Igor Shkvirinning gollari evaziga saudlarni 4:1 hisobida mag‘lub etgandi.
Saudiya Arabistoni ustidan qozonilgan so‘nggi g‘alabamiz esa Osiyo Kubogi-2015da erishilgan. Sardor Rashidovning benefisiga aylangan uchrashuvda uning dubli va Vohid Shodiyevning goli yakunda O‘zbekiston g‘alabasini ta'minlagandi.
O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi so‘nggi o‘yin JCh-2022 saralash bosqichdagi eng alamli mag‘lubiyat sifatida yodda qolgandi. 2019 yilda Toshkentda o‘tgan bahsda Abramov shogirdlari Shomurodov va Shukurovning gollaridan keyin 2:1 hisobida oldinda borganiga qaramay, so‘nggi daqiqalarda raqib g‘alabani ilib ketgan – 2:3.
Ar-Riyoddagi o‘yinda Abramov shogirdlari revansh olish bilan birga Saudiyaga qarshi safardagi o‘yinlarda kuzatilayotgan g‘alabasiz seriyaga ham barham berish imkoniyatiga ega.

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi so‘nggi 6 uchrashuv:
22.07.2007. Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston – 2:1.
26.03.2008. O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni – 3:0
22.06.2008. Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston – 4:0
09.10.2010. Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston – 4:0
18.01.2015. O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni – 3:1
14.11.2019. O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni – 2:3
Qanday natijalar keyingi bosqich yo‘llanmasini beradi?
Saudiya Arabistoni - O‘zbekiston o‘yinidagi g‘alaba milliy jamoamizga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma beradi, durang vaziyatni qiyinlashtiradi. Mag‘lubiyat esa ahvolni yanada og‘irlashtiradi.
O‘zbekiston Saudiya Arabistoni bilan durang qayd etgan taqdirda, keyingi bosqichga yo‘l olishi uchun:
- 2-o‘rinlar orasidagi Iordaniya guruhdan chiqib bo‘lgan Avstraliyani mag‘lub etmasligi lozim. Aks holda 11 ochko bilan O‘zbekistondan yuqorida bo‘ladi;
O‘zbekiston Saudiya Arabistoniga mag‘lub bo‘lgan taqdirda, keyingi bosqichga yo‘l olishi uchun:
- 2-o‘rinlar orasidagi Iordaniya guruhdan chiqib bo‘lgan Avstraliyaga mag‘lub bo‘lishi shart;
- 2-o‘rinlar orasidagi BAA 1-o‘rindagi Vetnamga mag‘lub bo‘lishi shart;
- 2-o‘rinlar orasidagi Eron guruh peshqadami Iroqqa mag‘lub bo‘lishi shart;
Yana bir jihat ushbu bahslardagi to‘plar nisbatiga ham qarashga majbur bo‘lamiz. Shunda ham guruhimizdagi ikkinchi o‘yinda Yaman Falastinni mag‘lub etmasligi lozim. Aks holda Singapur so‘nggi 5-o‘ringa tushib qolib, bu jamoa darvozasiga kiritgan Yamandan ko‘ra bitta ortiq golimiz ham bekor bo‘ladi. Ya'ni O‘zbekiston Singapurni umumiy 8:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Yamanni ikki o‘yinda jami 6:0 hisobida taslim qilgan.
Darvoqe, Ar-Riyoddagi o‘yin boshlanishi oldidan Eron – Iroq va Avstraliya – Iordaniya o‘rtasidagi uchrashuvlar yakuniga yetgan bo‘ladi. Ehtimol, bu o‘yinlardagi natijalar soat 23:00da boshlanadigan o‘yinni bosimsiz boshlashga imkon yaratar, yana kim biladi deysiz...

JCh-2022 saralash bosqich uchrashuvi.
«D» guruhi. 10-tur. 15 iyun (seshanba)
Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston
Ar-Riyod, «King Saud University Stadium»
Bosh hakam: Xyung Jin Ko (Janubiy Koreya)
O‘yin boshlanish vaqti: 23:00.
TV-translatsiya: FutbolTV/SportTV.
Mavzuga oid
11:00
Isroilda xavfsizlik vaziyati keskinlashishi mumkin - elchixona
09:01 / 04.06.2026
O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilishi mumkin
08:33 / 04.06.2026
Yaponiya O‘zbekistonga texnik yordam ajratadi
17:49 / 02.06.2026