10:18 / 17.06.2021
8524

30 kundan 90 kungacha – Pokiston vizasi turlari va narxlari haqida

UzbekLife kolumnisti bu gal Pokiston Islom Respublikasining viza turlari, ularning narxlari va olish tartibi haqida tahliliy maqola tayyorladi.

Avvallari Pokistonga viza olish jarayoni murakkab edi: kimdir Pokistondan sizga taklifnoma yuborishi, elchixonaga bir necha marta qatnashingiz va hujjatlarni o‘z mamlakatingizda turib topshirishingiz kerak bo‘lardi. Ammo 2019 yildan beri jarayon yengillashtirildi va siz endilikda Pokiston elchixonasiga borishingizga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki Pokiston hukumati Pokiston elektron vizasini (Pakistan e-Visa) yo‘lga qo‘ydi. Pokiston elektron vizasi sayohatchilarga mamlakatga qisqa muddatga kelishiga ruxsat beradi.

Mazkur tizim orqali dunyoning istalgan nuqtasidan turib internet orqali vizaga hujjat topshirishingiz mumkin. To‘lov debit/kredit karta orqali amalga oshiriladi. Narxlar qaysi mamlakatdan ekaningiz va mamlakatga kirishlar soniga qarab belgilanadi. Viza olish jarayoni 7–10 ish kuni davom etadi.

Pokiston vizasiga 175 ta davlat fuqarolari istalgan vaqt, hatto davlat bayrami kunlari ham hujjat topshirishi mumkin.

Bunda quyidagilar talab qilinadi:

  • Pokistonga kirib kelgandan keyin kamida 6 oy davomida amal qiladigan pasport;
  • Mehmonxonadan joy band qilganini tasdiqlovchi hujjat/xat yoki Pokistondagi sayyohlik agenti yoki mezbon oiladan taklifnoma;
  • Pasportga talab qilinadigan o‘lchamdagi foto;
  • Viza to‘lovi;
  • Vizani olish uchun elektron pochta manzili.

Pokiston elektron vizasini olish uchun sayohatchilar onlayn anketani to‘ldiradi va viza to‘lovini onlayn tarzda amalga oshiradi. So‘ng kerakli hujjatlarni yuklaydi. Arizachiga elektron viza PDF shaklida elektron pochtasiga yuboriladi. Elektron viza turizm (jumladan, ziyorat turizmi) va biznes maqsadlarida beriladi.

Viza kategoriyalari

Pokistonga vizaning quyidagi asosiy turlari mavjud:

Sayyohlik vizasi – Pokistonga sayohat maqsadida keluvchilarga;

Talaba vizasi – ta'lim olishga keluvchilarga;

Mehnat vizasi – Pokistonga ishlash maqsadida keluvchilarga;

Rasmiy viza – xalqaro kengashlarga delegat bo‘lib keluvchilar uchun.

O‘zbekiston fuqarolari uchun sayyohlik vizasi haqida batafsil:

Talaba vizasini olish uchun siz Pokistondagi biror universitetga qabul qilingan bo‘lishingiz kerak. Bu jarayon 3 oygacha davom etishi mumkin.

Bunday hollarda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:

  • Ariza;
  • pasport;
  • pasportga talab qilinadigan hajmdagi 2 ta surat;
  • universitetga qabul qilinganlik haqidagi xat;
  • diplom va ilovasi nusxasi;
  • rezidensiya haqida ma'lumot;
  • bank hisobraqamingizning oxirgi uch oylik holati.

Mamlakatda 30 kundan ortiq qolishingizni hisobga olgan holda Pokistonga yetib kelishingiz bilan Xorijliklarni ro‘yxatdan o‘tkazish idorasidan ro‘yxatdan o‘tib qo‘yish maqsadga muvofiq.

Pokistonga talaba vizasini olish uchun bosqichma-bosqich yo‘riqnoma

1-qadam. Tayyorgarlik

  • Talaba vizasini olish uchun dastlab Ichki ishlar vazirligi va Ta'lim vazirligiga so‘rov yuboring. Ular sizga qarshiliklari yo‘qligi haqida sertifikat Non-Objection Certificate (NOC) yuboradi.
  • Universitetga qabul qilinganingiz haqidagi xatdan namuna oling.
  • Pokiston vizasi arizasini to‘ldiring.
  • Pasportga talab qilinadigan hajmda 2 ta fotosurat tayyorlang, iloji bo‘lsa oq fonda.
  • Pasportingizning birinchi betidan 2 ta nusxa oling.
  • Oxirgi oydagi bank hisobraqamingiz holatini chop ettiring.

2-qadam. Harakat

  • Ta'lim vazirligi/Iqtisodiy ishlar bo‘limi/Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekistonning Pokistondagi vakil organidan NOC oling.
  • O‘zingizga yaqin bo‘lgan Pokiston elchixonasi yoki konsulligini toping.
  • Arizangiz va barcha kerakli hujjatlaringizni olib boring.
  • Kuting (bir necha kun, ba'zida oy).
  • Vizangizni oling va yo‘lga chiqing.

Ziyodaxon G‘ulomova,

UzbekLife kolumnisti

Top