O‘zbekiston | 20:11 / 17.06.2021
8542
2 daqiqa o‘qiladi

ITSV: O‘zbekiston ketma-ket 8 oy davomida oltin sotmadi

Joriy yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston umuman oltin eksport qilmagan. Shuningdek, ko‘rilayotgan davrda Turkiya Rossiyani ortda qoldirib, O‘zbekistonning eksport bo‘yicha hamkorlari orasida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan.

Foto: Shutterstock

Investitsiya va tashqi savdo vazirligi 2021 yilning yanvar-aprel oylarida respublikada amalga oshirilgan tashqi savdo aloqalari haqida ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, mazkur davrda Tashqi savdo aylanmasi 378,8 mln dollarga (3,5 foiz) kamayib, 10,32 mlrd dollarni tashkil etgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston dunyoning 156 mamlakati bilan savdo aloqalariga ega. Tashqi iqtisodiy faoliyatidagi 20ta yirik hamkor davlatlar orasida faqatgina olti mamlakat: Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Kanada va Eron bilan faol tashqi savdo balansi (ijobiy saldo) kuzatilgan.

Tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlari (+217 mln dollar), mis va mis mahsulotlari (+122 mln dollar), yengil avtomobillar (+59 mln dollar), un (+29 million dollar), maishiy texnika (+22 million dollar) va boshqa tovarlar eksporti o‘sishi hisobiga joriy yilning yanvar-aprel oylarida 660 mln dollarlik qo‘shimcha eksport ta'minlangan.

Gazning asosiy hajmlari ichki bozorga yo‘naltirilgani sababli tabiiy gaz eksporti 82 mln dollarga kamaygan.

O‘zbekiston 2020 yilning sentabr oyidan 2021 yilning aprel oyigacha oltin eksportini amalga oshirmagan. Ammo 2021 yil 1 iyun holatiga, O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralaridagi oltin hajmi 11,7 million troya unsiyadan 11,3 troya unsiyaga (taxminan 12,44 tonna) kamaygani qayd qilingan. Jahon bozorida qimmatbaho metall narxi oshishi natijasida o‘tgan oyda Markaziy bank oltin sotgan bo‘lishi mumkin.

E'tiborlisi, ko‘rilayotgan davrda Turkiya (528,2 mln dollar) Rossiyani (494,8 mln dollar) ortda qoldirib, O‘zbekistonning eksport bo‘yicha hamkorlari orasida ikkinchi o‘rinni egallagan. 

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid