O‘zbekiston | 09:39 / 17.06.2021
2689
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshidagi bog‘da talonchilik qilgan shaxslarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Qarshi shahrida joylashgan istirohat bog‘ida fuqarolarning telefoni, pullari va velosipedlarini tortib olgan talonchilarga jinoiy qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Qarshida yashovchi X.B. shahar IIO FMB 1-sonli IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z murojaatida 2021 yil 7 iyun kuni soat 6:30larda Alisher Navoiy nomli istirohat bog‘ida obodonlashtirish ishlarini bajarayotgan vaqtida oldiga shaharning 3-mitti tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan K.B. va F.Yu. mast holda kelib uni urib cho‘ntagidagi 1,5 million so‘mlik «Samsung Galaxy 4» rusumli telefonini tortib olganini ma'lum qilgan.

Bundan tashqari, talonchilar o‘sha kuni soat 11:00larda shu istirohat bog‘ida Qarshi tumani «Paxtazor» MFYda yashovchilar Q.D.ning 280 ming so‘mlik velosipedi hamda voyaga yetmagan M.S.ga tegishli bo‘lgan 300 ming so‘mlik velosipedni zo‘rlik bilan tortib olib ketgan.

Qayd etilishicha, talonchilardan fuqarolarning mol-mulklari daliliy ashyo sifatida olinib, holat yuzasidan ularga nisbatan Qarshi shahar IIO FMB 1-sonli IIB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid