O‘zbekiston | 23:18 / 18.06.2021
8095
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Milliy gvardiyasi va Koreya Milliy politsiya agentligi hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

16-20 iyun kunlari Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligining Bosh komissari Kim Chang Yong boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib turibdi.

Foto: Milliy gvardiya

Mazkur tashrif davomida yuqori martabali mehmon va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-mayor Rustam Jo‘rayevlar o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Milliy gvardiya matbuot xizmati.

Uchrashuvda O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki kunlaridan boshlab mamlakatlar o‘rtasida do‘stona muloqot o‘rnatilgani, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanayotgani hamda ko‘p qirrali hamkorlik kengayib borayotgani ta'kidlandi.

Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning hozirgi holati to‘g‘risida fikr almashdi. Shuningdek, xavfsizlik va kadrlar tayyorlash sohalarida o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Shu kuni Milliy gvardiya va Koreya Milliy politsiya agentligi, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik hujjatlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Xususan, xavfsizlik va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti va Koreya milliy politsiya universiteti o‘rtasida anglashuv memorandumlari imzolandi.

Tadbir yakunida idoralar rahbarlari ishtirokida brifing o‘tkazilib, unda idoralararo hamkorlikni rivojlantirishning muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Shu bilan birga, tashrif dasturi doirasida Koreya delegatsiyasi Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi va O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mehmonlar ta'lim muassasalarining infratuzilmasi, o‘quv faoliyati, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va harbiy tuzilmalar uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi bilan yaqindan tanishdilar.

Mavzuga oid